Joriy yilda Xelsinki Yakuniy akti imzolanganligining 50-yilligi nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissariga tabrik xati yo‘llagan edi.
Ushbu tabrik maktubiga javoban YEXHT Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari Kristof Kampdan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov nomiga minnatdorlik xati keldi.
K.Kampning maktubida A.Saidovga tabrik uchun minnatdorlik bildirilgan va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan o‘zaro ko‘p yillik hamkorlik uchun tashakkur izhor etilgan. Xatda ta’kidlanganidek, “Bu hamkorlik O‘zbekistonda Xelsinki Yakuniy aktida belgilangan keng qamrovli xavfsizlik prinsiplarini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shib kelmoqda”.
YEXHT Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan samarali sheriklikni yuksak qadrlashini e’tirof etgan. Kelgusida o‘zaro manfaatli masalalarda konstruktiv va amaliy hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun: YEXHKning Xelsinki Yakuniy akti 1975-yilda qabul qilingan. Unda xalqaro huquqning chegaralar buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, inson huquqlarini hurmat qilish kabi asosiy shartlari qayd etilgan.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ushbu prinsiplar belgilab qo‘yilgan hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari ustunligi tan olingan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.09.2025
- Ko'rishlar: 313
- Chop etish