Milliy markazda EXHT Nizolarning oldini olish markazi vakillari bilan uchrashuv

3-sentyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov bilan Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Nizolarning oldini olish markazi direktori K.Firon o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda EXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi A.Kartunen, EXHT Nizolarni oldini olish markazining Markaziy Osiyo bo‘limi boshlig‘i L.Lengford, EXHTning Shvetsariyadagi doimiy vakili R.Negeli, EXHTning Finlandiyadagi doimiy vakili M.Nuvonen ham ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston tomonidan inson huquqlarini ta’minlash, gender tenglikni ilgari surish, shuningdek, qiynoqlar va boshqa shafqatsiz muomalaga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha preventiv chora-tadbirlarni amalga oshirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, huquqiy institutlarni mustahkamlash va xalqaro majburiyatlarga rioya etish sohasida milliy salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni amalga oshirish yo‘nalishida YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlik yuqori darajada ekani qayd etildi.

EXHT Nizolarning oldini olish markazi direktori K. Firon taqdim etilgan ma’lumot uchun minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston tomoni konstruktiv muloqotga ijobiy munosabatda ekanini e’tirof etdi.

Suhbat davomida K. Firon O‘zbekiston vakilining BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zoligiga saylanishiga ijobiy baho berdi. Ta’kidlanganidek, ushbu voqelik haqli ravishda mamlakatning inson huquqlarini ta’minlash va ilgari surish borasidagi izchil va ilg‘or sa’y-harakatlarining xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirofi sifatida baholanmoqda. Mehmonning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston haqiqatan ham nisbatan qisqa vaqt ichida inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida barqaror ijobiy o‘sishga erishdi.

Muloqot asnosida gender va maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish mavzusida ham fikr yuritildi. Xususan, Qirg‘iziston bilan bir qatorda, mintaqada birinchilardan bo‘lib gender zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutgan O‘zbekistonning sa’y-harakatlari ijobiy baholandi. Ushbu yo‘nalishda, jumladan, izchil normativ-huquqiy transformatsiya hisobiga milliy darajada salmoqli natijalarga erishilgani qayd etildi.

Tomonlar shu kunga qadar yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlikdan mamnunligini izhor etib, kelgusida ham inson huquqlari, qonun ustuvorligi va demokratik institutlarni rivojlantirish yo‘nalishida qo‘shma tashabbuslarni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Shu maqsadda qator qo‘shma tadbirlar, ekspertlar darajasidagi maslahatlashuvlar hamda amaliy seminarlar o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv samimiy va amaliy ruhda o‘tdi. Tomonlar keng ko‘lamli masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashib, YEXHT va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqladilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech