Poytaxtimizda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan Xalqaro mehnat tashkiloti hamda Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi hamkorligida “Xalqaro mehnat standartlarini ilgari surishda kasaba uyushmalarining roli: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanning birinchi yalpi majlisini O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov olib bordi.
Konferensiyada Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi Umumevropa mintaqaviy kengashi mutasaddilari, 30 ga yaqin mamlakatning nufuzli xalqaro ekspertlari, yirik olimlar, yurtimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari, xorijiy kasaba uyushmalari tuzilmalarining rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti a’zolari, hukumat vakillari, yurtimizdagi vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati instituti rahbarlari, O‘zbekiston kasaba uyushmalarining vakillari, media tuzilmalar xodimlari qatnashdi.
Mazkur anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va hayotga izchil joriy etilayotgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida yurtimizdagi yangicha ijtimoiy siyosatning mazmun-mohiyati va natijalarini dunyo hamjamiyatiga yetkazish, xalqaro mehnat standartlarini yanada kengroq ilgari surish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish va kasaba uyushmalarining sa’y-harakatlarini birlashtirishdir.
Ushbu yirik anjuman ishtirokchilarning mavzuga oid takliflari, fikrlari va tajribalarini konstruktiv muhokama etish uchun qulay ijtimoiy-ma’rifiy hamda ishchan ruhdagi platforma vazifasini o‘tadi. Tadbirning bunday zamonaviy va ochiq, konstruktiv formati esa O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga ochiqligi, mazkur yo‘nalishda faol, amaliy hamkorlikka, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va uni hayotga joriy etishga tayyor ekanini namoyon etadi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov bugun Markaziy Osiyo mintaqasida yangi tamoyillar kuchga kirgani, ko‘p yillardan buyon mavjud bo‘lgan muammolarni hal etish, savdo-iqtisodiy va madaniy-ijtimoiy aloqalarni kengaytirish, aholining barcha qatlamlari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun qulay imkoniyatlar ochilganini ta’kidladi.
– Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyamizning ahamiyatini nafaqat mavzu, balki global voqelik ham belgilaydi, – dedi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov. – Chunki bugun dunyo ko‘plab xavf va qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bugun biz nafaqat mehnat qonunchiligi va standartlari to‘g‘risida fikr almashish, balki o‘z oilasi farovonligi, farzandlar kelajagini ta’minlash uchun har kuni ishga boradigan insonlar bilan bog‘liq dolzarb masalalarni hal etamiz. Shu bois anjuman global ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari bugungi kunda yangi O‘zbekiston sharoitida, ya’ni dunyoga ochiq, shiddatli islohotlar kechayotgan, xalqaro jarayonlarga integratsiyalashayotgan mamlakat sharoitida faoliyat ko‘rsatmoqda. Yangilanayotgan mamlakatimizdagi tub ijobiy o‘zgarishlar “Inson sha’ni va qadr-qimmati, uning baxti uchun” tamoyiliga asoslangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashib, dinamik aloqalarni rivojlantirmoqda va xalqaro bozorga chiqmoqda.
Mamlakatimizda “Inson manfaatlari barcha narsadan ustun” degan olijanob g‘oya hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Har bir inson, har bir oilaning hayotiga daxldor bo‘lgan muhim ijtimoiy dasturlar hayotga keng joriy etilmoqda. Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda yirik o‘zgarishlar yuz bermoqda. Natijada yangi O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangicha modeli shakllandi. Ehtiyojmand oilalar bilan ishlash va ko‘makka muhtoj oila a’zolariga 110 turdagi yordam va xizmatlar ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa kambag‘allikning qisqarishi, oilalar farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi O‘zbekistonning har tomonlama rivojlanishida kasaba uyushmalarining ham faol ishtirokini ta’kidlash o‘rinlidir. Aynan kasaba uyushmalari hukumat va ish beruvchilar bilan birgalikda ijtimoiy muloqotning asosiy ishtirokchilariga aylandi. Bu faol va teng huquqli muloqot barqarorlik, manfaatlar mutanosibligi va millionlab fuqarolar hayotini yaxshilashning asosidir.
Anjumanda mazkur forumning o‘ziga xos ramziy ma’noga ega ekanligi ham qayd etildi. Xususan, yigirmanchi asr boshlarida O‘zbekistonda kasaba uyushmalari harakati shakllangani, joriy yilda mamlakat kasaba uyushmalari harakati boshlanganiga 120 yil to‘lishi ta’kidlandi.
Bugungi kunda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi 14 ta tarmoqdagi va barcha hududlardagi 7 milliondan ortiq mehnatkashlarni birlashtirgan yirik jamoat tashkilotidir. Ijtimoiy sheriklik tamoyillari asosida Hukumat va Ish beruvchilar Konfederatsiyasi bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi o‘rtasida Bosh jamoa kelishuvi, mamlakat miqyosida 100 dan ortiq tarmoq va 14 ta hududiy jamoa kelishuvlari, bevosita korxonalarda esa 130 mingga yaqin jamoa shartnomalari tuzilib, amal qilmoqda. Tizimda Kasaba uyushmalari inspeksiyasi, yuridik va mehnatni muhofaza qilish xizmatlari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Yoshlar, xotin-qizlar va faxriylar kengashlari ish olib bormoqda. Mehnatkashlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida keng ko‘lamli sog‘lomlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Birgina 2024 yilning o‘zida kasaba uyushmalari inspeksiyasi tomonidan fuqarolarning 6 mingdan ortiq murojaatlari ko‘rib chiqilib, 106 mindan ortiq mehnatkashlarning huquqlari tiklandi va ular foydasiga 108 milliard so‘mdan ortiq zarar pullari undirib berildi.
Joriy yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida o‘tkazilgan hisobot-saylov kampaniyasi mamlakat kasaba uyushmalarining hamjihatligini va demokratiyaga, kollegiallik va fikrlar xilma-xilligiga qat’iy sodiqligini namoyon etdi. Xususan, barcha darajadagi kasaba uyushma organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari saylovi muqobillik asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazildi. Hisobot-saylovlar yakunlariga ko‘ra boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari rahbarlarining 20 foizi, tarmoq kasaba uyushmalari birlashgan qo‘mitalari va hududiy bo‘linmalari rahbarlarining 36 foizi yangidan saylandi.
Xalqaro konferensiyada bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyoda globallashuv, raqamlashtirish, geosiyosiy keskinliklar va jahon savdosidagi uzilishlar fonida norasmiy va nostandart bandlikning o‘sishi jahon mehnat bozori deformatsiyasiga, iqtisodiy beqarorlik va ijtimoiy tengsizlikka olib kelayotgani ta’kidlandi. Global muammolarning kuchayishi xodimlarning huquqlarini himoya qilish, munosib mehnatni ta’minlash va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro mehnat standartlarini samarali joriy etish zaruriyatini kuchaytirayotgani qayd etildi. Kasaba uyushmalari munosib mehnatning asosiy manfaatdorlari sifatida mehnatkashlar huquq va manfaatlarini himoyalash va muzokaralar olib borish, qonun ijodkorligida ishtirok etish, xalqaro hamkorlik va hamjihatlikni rivojlantirish orqali adolatli mehnat munosabatlarini shakllantirishga muhim hissa qo‘shmoqda. Shu bilan birga xalqaro konferensiya ishtirokchilari aholi bandligini kengaytirish borasida global miqyosda erishilgan salmoqli yutuqlarga qaramay, dunyo aholisining aksariyat qismi hamon samarali ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning afzalliklaridan foydalanmayotgani va turmush darajasini ta’minlashda jiddiy muammolarni boshdan kechirishda davom etayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bugun millionlab ish o‘rinlari taqdirini belgilamoqda. Dunyo bo‘ylab deyarli har 4 ishchidan biri o‘z ishining sun’iy intellekt yordamida o‘zgarishiga duch kelishi mumkin. Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining mehnatkashlar huquqlarining Global indeksiga muvofiq dunyoning 5 ta hududidan uchtasida mehnatkashlar huquqlariga rioya etish bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgan.
Dunyoda mavjud vaziyat kasaba uyushmalaridan iqtisodiy o‘sish natijalarini mehnat va kapital o‘rtasida adolatli asosda taqsimlanishini ta’minlash uchun bandlik, ish vaqti va ijtimoiy himoya masalalariga jiddiy e’tibor qaratishni taqozo etmoqda.
Xalqaro konferensiya ishtirokchilari O‘zbekiston jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashib, jadal aloqalar rivojlanayotgani va xalqaro bozorlarga chiqayotganini ta’kidladi. Shuningdek, so‘nggi 8 yilda yalpi ichki mahsulot barqaror o‘sib borayotgani, bunday natijalarga mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy sanoat majmualarini barpo etish, “yashil” va innovatsion iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, axborot texnologiyalari, turizm va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishga qaratilgan va uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosati tufayli erishilgani e’tirof etildi. Shuningdek, qurilish, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat tarmog‘i, elektrotexnika, mashinasozlik va farmatsevtika sohalarida ulkan o‘zgarishlar yuz bergani qayd etildi. O‘zbekistonda aholi ijtimoiy himoyasiga avvalgidan ancha ko‘p mablag‘ ajratilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining 25 ta Konvensiyasini, shu jumladan, barcha fundamental va ustuvor Konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan. O‘zbekiston Mustaqilligining dastlabki 25 yilida XMTning 13 ta Konvensiyasi ratifikatsiya qilingan bo‘lsa, so‘nggi 8 yil ichida 12 ta Konvensiya va 1 ta protokol ratifikatsiya qilindi. O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasida bolalar mehnati va majburiy mehnatni taqiqlash, kamsitmaslik va teng qiymatdagi mehnatga teng haq to‘lash tamoyillari, xavfsiz mehnat sharoitlari, yillik haq to‘lanadigan ta’til va pensiya ta’minotiga bo‘lgan huquqlar kabi fundamental qadriyatlar aks etgan. “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi, “Ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingan. Ratifikatsiya qilingan Konvensiyalar bilan birga ratifikatsiya qilinmagan Konvensiyalar me’yorlarini o‘z ichiga olgan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilingan.
Xalqaro anjuman davomida milliy va xalqaro ekspertlar xalqaro mehnat standartlarini ilgari surish, inson manfaati, uning yashash, mehnat qilish borasidagi huquqlarini ta’minlashning ko‘p qirrali jihatlarida kasaba uyushmalarining bevosita ishtiroki, bandlik darajasini oshirish, ijtimoiy himoya, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tamoyillari kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan dolzarb masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari hamda tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Xususan, Xalqaro konferensiyaning 1-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva “XMT konvensiyalarining O‘zbekistonning milliy huquqiy tizimiga implementatsiya qilinishi: amaldagi holat va istiqbollar” mavzuida, nufuzli xalqaro tashkilotlar mutasaddilari “Xalqaro mehnat tashkiloti siyosatini ishlab chiqish va faoliyatida kasaba uyushmalari muammolari hamda manfaatlari hisobga olinishini ta’minlash borasida ACTRAV faoliyati” mavzuida, 2-sessiya davomida “Xalqaro mehnat standartlarini ilgari surishning mintaqaviy va sohaviy jihatlari to‘g‘risida, 3-sessiyada Xalqaro ekspert (Finlyandiya) Kari Tapiola “Paxta dalalarida ishonchni mustahkamlash: XMTning O‘zbekistondagi faoliyati”, xorijiy davlatlarning kasaba uyushma markazlari rahbarlari “Xalqaro mehnat standartlarini ilgari surishda milliy kasaba uyushma markazlarining strategiya va taktikasi”, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov “XMT bilan hamkorlikni rivojlantirishda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining roli” mavzularida ma’ruza qildi.
Shuningdek, Xalqaro konferensiyada anjuman ishtirokchilariga Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha byurosi (ACTRAV) direktori Mariya Xelena Andre va Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi (XKUK) Bosh kotibi Lyuk Triangl tomonidan yo‘llangan videomurojaatlar namoyish etildi.
Anjuman ishtirokchilari O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlar har kuni va har qadamda yuz berayotganini, bugungi islohotlarning alohida xususiyati – ularning barcha jabha va sohalarni birdek qamrab olganida ekanligini alohida ta’kidladi. Mazkur yo‘nalishlardagi ishlar puxta o‘ylangan davlat dasturlari asosida hal etilayotgani e’tirof etildi.
Bunday yangilanishlar jarayonida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham faol ishtirok etib, mehnatkashlar manfaatlarini ta’minlash yo‘lida izchil ishlarni olib borayotgani ta’kidlandi. Mazkur yo‘nalishlardagi tadbirlar Hukumat, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Ish beruvchilar Konfederatsiyasi o‘rtasida imzolangan Bosh kelishuvga kiritilgani, tarmoq va hududiy jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalarining barchasi xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan kompleks tadbirlarni o‘z ichiga olgani qayd etildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari mazkur lokal hujjatlarga muvofiq xodimlarning real daromadlarini bosqichma bosqich oshirish, mehnat bozorida talab mavjud bo‘lgan kadrlarni tayyorlash tizimini kengaytirish, ish bilan band bo‘lmagan aholi vakillarini kasbga o‘qitish va qayta o‘qitish ishlarida hamkorlik ko‘rsatmoqda.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasining dasturiy hujjatlariga ko‘ra, aholining ijtimoiy himoyatalab qatlamlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoyalashga ko‘maklashish, yolg‘iz keksalar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlari, ish beruvchilar bilan hamkorlik qilish, bandlikning noan’anaviy shakllarida mashg‘ul kishilar hamda ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasiga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Anjumanda bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflardan kelib chiqqan holda ishtirokchilar ijtimoiy muloqotni kuchaytirish va xalqaro mehnat standartlarini ilgari surish, kuchli ijtimoiy himoya sohasida hamkorlikni rivojlantirish, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari muhokama etildi.
N.Usmonova, Alimurod Mamadaminov (suratlar), O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 11.09.2025
- Ko'rishlar: 129
- Chop etish