12-sentyabrda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Markaziy Osiyo mamlakatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bola huquqlari bo‘yicha vakillari – bolalar ombudsmanlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Qirg‘iz Respublikasi Bola huquqlari bo‘yicha vakili Asel Chinbayeva, Tojikiston Respublikasi Bola huquqlari bo‘yicha vakili Mijgona Bobojonzoda, Qozog‘iston Respublikasi Bola huquqlari bo‘yicha vakili Dinara Zakiyeva, Turkmaniston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Yazdursun Gurbannazarova, O‘zbekiston Respublikasi Bola huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida Milliy markaz direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova Markaziy Osiyo mamlakatlarining bola huquqlari bo‘yicha vakillariga mamlakatimizda bola huquqlari sohasida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan ma’lumot berdi. Xususan, aholisining 35 foizini bolalar tashkil etgan O‘zbekiston uchun bola huquqlarini har tomonlama ta’minlash ustuvor ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston o‘zining xalqaro majburiyatlariga, jumladan, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq qabul qilgan majburiyatlariga sodiqdir. Mazkur siyosatni takomillashtirishda BMT shartnomaviy organlari, YUNISEF va xalqaro ekspertlarning tavsiyalariga katta e’tibor qaratilayotganligi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan 2024-yil 21-fevralda “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning Beshinchi davriy ma’ruzasi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amaliyotga tatbiq etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror qabul qilindi. Mazkur qo‘shma qaror ijroga qaratilib, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalari amaliyotga izchil tatbiq etilmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda bolalar huquqlarini himoya qilishning qonuniy asoslari va ularning barcha sohalarda tizimli ishlashida ta’sirchan parlament nazoratining o‘rni alohida ta’kidlandi. Ayniqsa, keyingi yillarda maktabgacha ta’lim bilan qamrovning oshganligi, xotin-qizlar ta’limi va bandligini ta’minlash hamda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi choralarga oid milliy tajriba muloqot ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Suhbat davomida bolalar huquqlarini ta’minlashda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishda va ularning tavsiyalari asosida amaliy ishlarni joriy etishda parlament hamda barcha davlat va nodavlat tashkilotlarning faol ishtiroki muhim ekanligi ta’kidlandi. Uchrashuv samimiy va amaliy ruhda o‘tdi.
Tadbir yakunida mehmonlar “Inson huquqlari uyi” faoliyati bilan tanishdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.09.2025
- Ko'rishlar: 81
- Chop etish