24-sentyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Markaz direktori A.Saidov BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy bo‘limi rahbari M.Bogner bilan uchrashdi.
Uchrashuvning asosiy natijasi kelgusi yil uchun O‘zbekistonda inson huquqlarini xalqaro standartlarga muvofiq yanada rivojlantirish va himoya qilishga qaratilgan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash bo‘ldi.
Samarali muloqot davomida tomonlar keng qamrovli masalalarni muhokama qildilar. O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha yangi Milliy strategiyasini ishlab chiqish jarayoniga alohida e’tibor qaratildi. A.Saidov hujjat loyihasida xalqaro hamkorlar, jumladan, Universal davriy sharh doirasida va BMTning shartnomaviy organlaridan olingan tavsiyalar o‘z aksini topganini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, M.Bogner O‘zbekistondagi izchil va qamrovdor islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Mamlakat xalqaro majburiyatlarini izchillik bilan amalga oshirayotgani muhimligini ta’kidladi.
Tomonlar 2026-yil kuzida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60-yilligiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Suhbat davomida hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, Milliy markaz negizida BMTning inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari hujjatlarining elektron resurs bazasini yaratish hamda byudjet masalalari bo‘yicha qo‘shma seminarlar o‘tkazish tashabbuslari muhokama qilindi.
M.Bogner gender zo‘ravonligiga qarshi kurashish, fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni mustahkamlash va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi muhim mavzular uning ofisi uchun ustuvor yo‘nalishlar bo‘lib qolayotganini qayd etdi.
Uchrashuv ochiqlik va o‘zaro tushunish ruhida o‘tdi. Tomonlar samarali sheriklikni yanada mustahkamlashga o‘zaro tayyorliklarini tasdiqladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.09.2025
- Ko'rishlar: 171
- Chop etish