205-yil 25-sentyabr kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Islom Hamkorlik Tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining navbatdan tashqari majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis gibrid formatda – offlayn va onlayn tarzda tashkil etildi.
Majlis Isroil tomonidan Qatarga qarshi amalga oshirilgan noqonuniy harbiy hujumning insonparvarlik va huquqiy oqibatlarini muhokama qilish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlarni baholash maqsadida o‘tkazildi. Yig‘ilish kun tartibi doirasida inson huquqlari va xalqaro gumanitar huquq buzilishi holatlari ko‘rib chiqildi, Qatar xalqini himoya qilish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan amaliy takliflar bildirildi. Shuningdek, Qatar davlati va xalqi bilan hamdardlik bayonoti qabul qilindi.
Majlis Qur’on oyatlari tilovati bilan boshlandi. Shundan keyin IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi ijrochi direktori Hadi Ali Alyamiy hamda Komissiya raisi Haji Ali Achikgul majlis ishtirokchilariga murojaat etdi.
Shuningdek, IHT Bosh kotibi Hissein Braxim Tahaning kirish so‘zini uning nomidan Bosh kotib o‘rinbosari, elchi Samir Bakr Diab tomonidan o‘qib eshittirildi. Majlisda, shu bilan birga, Qatar Inson huquqlari bo‘yicha milliy qo‘mitasi raisi Maryam Abdulla Al-Attiya hamda Saudiya Arabistoni Inson huquqlari komissiyasi raisi Hala Mazyed Altuvayjriy nutq so‘zladi.
Barcha ma’ruzalarda Qatardagi mavjud vaziyat yuzasidan tashvish izhor etildi hamda IHT doirasida birdamlik va hamjihatlik harakatlarini kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston tomonidan – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasidan Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi a’zosi Mirzatillo Tillabayev onlayn tarzda, O‘zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, Islom Hamkorlik Tashkilotidagi doimiy vakil Nodirjon Turg‘unov esa offlayn ishtirok etdi.
Milliy markaz vakili o‘z chiqishida xalqaro-huquqiy majburiyatlarning buzilishi oqibatlariga alohida e’tibor qaratdi. Bunda davlatimiz rahbari 2025-yil 15-sentyabrda Doxa shahrida bo‘lib o‘tgan Arab-Islom sammitida qardosh Qatar xalqini va barcha musulmon mamlakatlarini qo‘llab-quvvatlashda O‘zbekistonning qat’iy birdamligini bildirgani hamda Yaqin Sharqdagi so‘nggi harbiy tajovuzni keskin qoralagani eslatildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida qayd etganidek, G‘azo sektorida tobora og‘irlashib borayotgan gumanitar inqirozni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, harbiy harakatlarni darhol to‘xtatish, siyosiy muzokaralarni qayta tiklash va BMT rezolyutsiyalariga muvofiq “ikki xalq – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirish zarurligini yana bor qat’iy ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 26.09.2025
- Ko'rishlar: 136
- Chop etish