Raqamli davrda ekologik axborotdan erkin foydalanishni ta’minlash istiqbollari

28-sentyabr – Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni

 

Dunyo mamlakatlarida aholining axborotga bo‘lgan huquqlari qanchalik ta’minlanganini nazorat qilish vazifasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan YUNESKO zimmasiga yuklangan. Shuning uchun 28-sentyabr – Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni dastavval YUNESKOning 2015-yildagi rezolyutsiyasi asosida e’lon qilingan bo‘lsa, 2019-yilda BMT Bosh Assambleyasi uni xalqaro sanalar taqvimiga kiritgan.

Ushbu xalqaro sana  2025-yilda “Raqamli davrda ekologik axborotdan erkin foydalanishni ta’minlash” mavzusiga bag‘ishlandi. Dunyo tobora raqamlashib borayotgan hozirgi zamonda ekologiyaga oid axborotga o‘z vaqtida, keng ko‘lamda va chegaralardan qat’i nazar ega bo‘lishdek hayotiy zarur masalaga alohida e’tibor qaratilayotgani juda muhim. Bugungi kunda bu mavzu iqlim o‘zgarishlari oqibatlaridan qattiq aziyat chekayotgan Janubiy-Sharqiy Osiyo mintaqasi uchun ayniqsa dolzarbdir.

Shuni ham qayd etish joizki, ekologik ma’lumotlar iqlim o‘zgarishi, havoning ifloslanishi, biorang-baranglikning buzilishi va turli ofatlarning oqibatlariga oid axborotni o‘zida mujassam etgani uchun milliy chegaralar sarhadi bilan cheklanib qolmaydi. Bu, o‘z navbatida, bunday axborot bilan almashinuvni o‘zaro hamkorlikda, shaffof va innovatsion muhitda global darajada yo‘lga qo‘yishni taqozo etadi. Bunda ushbu mavzudagi ma’lumotlar iqlim o‘zgarishi tufayli ekologik xatarlar tahdidi ostida yashayotgan aholi uchun ayniqsa zarur ekanligini nazarda tutish lozim.

Joriy yil 29-30-sentyabr kunlari Manila shahrida Axborotdan erkin foydalanish masalalari bo‘yicha global konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. YUNESKO va Filippin hukumati tomonidan tashkil etilgan ushbu xalqaro anjuman 28-sentyabr – Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni, deb e’lon qilinganining 10-yilligiga bag‘ishlangan.

BMTning 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror taraqqiyot maqsadlari tamoyillaridan kelib chiqqan holda, xalqaro hamjamiyat keng jamoatchilikning axborotdan erkin foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi muhimligiga alohida e’tibor qaratmoqda. Zero, axborot erkinligi – demokratiyaning hal qiluvchi tayanchlaridan biridir.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga muvofiq, “Har bir inson e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega; bu huquq hech bir to‘siqsiz o‘z e’tiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va g‘oyalarni har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi”.

Axborot erkinligi – insonning asosiy huquqi. U erkinlikning Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘z himoyasiga olgan barcha turlari uchun mezon sanaladi.

Ommaviy axborot vositalarining tinchlik va xalqaro hamjihatlikni mus­tahkamlash, inson huquq­larini rivojlantirish va irqchilik hamda aparteid va urushga gijgijlashga qarshi kurashdagi hissasiga oid asosiy prinsiplar to‘g‘risidagi deklaratsiya­ning 2-moddasida qayd etilganidek, “inson huquqlari va asosiy erkinliklarining tarkibiy qismi sifatida e’tirof etiladigan fikr, uni ifodalash va axborot erkinligini amalga oshirish tinch­lik va xalqaro hamjihatlikni mustahkamlashning muhim omilidir”.

Xalqimiz 2023-yil 30-aprelda ovoz bergan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida  fikr, axborot va matbuot erkinligini ta’minlashga qaratilgan normalar soni ortdi va konstitutsiyaviy kafolatlar yanada mustahkamlandi. Bu ham axborot erkinligi taqozosidir. Binobarin, “Shohsen – ogohsen, ogohsen – shohsen”, deydi donishlar.

Ommaviy axborot vositalari butun dunyoda “to‘rtinchi hokimiyat” deya ta’riflanishi bejiz emas. Nega deganda, axborot – hokimiyat, kuch-qudrat, salohiyat deganidir. Har bir shaxs axborotdan erkin xabardor bo‘lishining ta’minlanishi, o‘z navbatida, ochiq va barkamol, inklyuziv va ma’rifiy jamiyat barpo etishning tamal toshi bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qayerdaki ommaviy axborot vositalari ochiqligi haqida gap ketsa, soha vakillarini faol bo‘lishga da’vat etadi, doim axborot erkinligini qo‘llab-quvvatlashini, jurnalistlar haq-huquqlari himoya qilinishini ta’kidlaydi. Davlatimiz rahbari uqtirganidek, “Ayni vaqtda barchamiz bir haqiqatni unutmasligimiz zarur: axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar, avvalo, haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslanishi, qonun va odob qoidalari doirasida bo‘lishi, shaxsiy g‘araz va xusumatga, soxta obro‘ orttirish usuliga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va sha’nini tahqirlashdan yiroq bo‘lishi, bunday salbiy holatlarga bizning media maydonimizda mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi kerak”.

Shuni alohida qayd etish joizki, Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni 2016-yildan buyon ko‘plab mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham nishonlanadi. Shu munosabat bilan ayni sana arafasida dunyoning turli davlatlarida axborot olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha erishilgan natijalar atroflicha tahlil qilinadi.

Aslida ham, axborotni  erkin  olish  huquqi – ham qonuniy, ham insoniy jihatdan dolzarb  masala.  Ammo  ushbu  jarayonda yana bir muhim jihat  – axborot olish  va  tarqatishdagi  zarur  sharoitlarni  yaratib  berish  talabi borligini unutmasligimiz kerak.

Bu o‘rinda  raqamli  boshqaruv  va  sun’iy intellekt imkoniyatlaridan, jumladan, turli ovozli robotlar, yozma chatlarda javob  beradigan  hozirjavob  mashinalar  va  boshqa  innovatsion  texnologiyalardan keng foydalanish  masalasi ko‘zda  tutilmoqda. Bunday texnologiyalar axborotning  qog‘ozdan  audioga,  audiodan videoga  aylanib  yurishi  singari  raqamli jarayonlarni ta’minlab beradi. Ya’ni  iste’molchi  axborotni  istalgan shaklda  olish  imkoniyatiga  ega  bo‘ladi. 

Bu,  o‘z  navbatida,  jamiyatimizdagi imkoniyati  cheklangan  insonlarning ham to‘liq axborot olishiga yo‘l ochadi. Eng asosiy masala: insonlarning  axborotga  bo‘lgan  huquqini  ta’minlashda  davlat tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar,  umuman,  barcha  axborotlar  shunday oson shaklda yetkazilishi kerakki, uni  topishda  qiyinchilik  bo‘lmasin.

Hozirgi kunda axborot va matbuot erkinligi, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi Yangi O‘zbekistonning sifat ko‘rsatkichlaridan biriga aylanib bormoqda. Bularning barchasi, bir tomondan, mamlakatimizda so‘z erkinligini to‘la ta’minlashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, ommaviy axborot vositalaridan ijtimoiy mas’uliyatni teran anglashni ham taqozo etadi.

Muxtasar aytganda, axborot resurslari va axborot tizimlaridan foydalanish sohasidagi munosabatlar jadal taraqqiy etib hamda tobora globallashib borayotgan hozirgi davrda axborot erkinligi imkoniyatlaridan foydalanishning o‘ziga yarasha ijtimoiy yuki ham borligini unutmaslik darkor. Zotan, har qanday erkinlik, agar uni suiiste’mol qilinmasa, pirovardida tom ma’noda tinchlik va farovonlik, barqarorlik va taraqqiyot, hamkorlik va hamjihatlik omiliga aylanadi.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech