Milliy markazda Rossiyaning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi bilan uchrashuv

2-oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Rossiya Federatsiyasi Prezidenti maslahatchisi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev bilan uchrashdi.

Uchrashuv V.Fadeyev boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va qo‘shma ilmiy tashabbuslarni ilgari surish sohasidagi hamkorlikning joriy holatini muhokama qildilar. Bu sohadagi munosabatlarni mustahkamlash va yanada rivojlantirish istiqbollariga taalluqli amaliy takliflar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksey Yerxov ishtirok etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech