Gazetamizning oldingi sonida (2025-yil 25-sentyabr, 40-son) Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidovning “Yangi O‘zbekiston va bepul yuridik yordam” sarlavhali maqolasi e’lon qilingandi. Maqolada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida 2023-yilda qabul qilingan "Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida"gi qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritilgan.
Maqola muallifi, jumladan, bugungi kunda aholiga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish maqsadida butun mamlakat bo‘ylab 60 ga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritayotganiga e’tiborni qaratgan. Bunga misol sifatida tuman va shaharlarda 140 dan ortiq byuroga ega bo‘lgan "Madad" NNT tomonidan 2019-yildan 2025-yilgacha 1,6 milliondan ortiq fuqaroga bepul yuridik yordam ko‘rsatilgani, davlat organlari bilan hamkorlikda aholining huquqiy ongini oshirishga qaratilgan 30 mingdan ziyod ma’rifiy tadbir o‘tkazilganini qayd etgan.
Maqola gazetxonlarimiz o‘rtasida sezilarli qiziqish uyg‘otdi. E’tiboringizga havola etilayotgan quyidagi maqola ham ana shu qiziqish va e’tiborning amaliy ifodasidir.
TAHRIRIYAT
Yangihayot tuman huquqiy maslahat byurosiga 7 oyda – 1 ming 436 fuqaro murojaat qildi
Avvalo, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti tashkil topganiga shu kunlarda 6-yil to‘lganligini ta’kidlashni istardik. Binobarin, ushbu NNT Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-sentyabrdagi “Aholiga huquqiy axborotni yetkazish va yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ish boshlagan.
Ushbu muassasa aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligini yanada yaxshilash, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonlik darajasini oshirish, aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish maqsadida tashkil qilingan.
«Madad» — muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkilotidir. Uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘linmalari, shuningdek, tuman va shaharlarda huquqiy maslahat byurolari mavjud.
Bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-mayda qabul qilingan “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarlarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni alohida ahamiyatga egaligini qayd etish zarur. Chunki Farmonning 3-bandi doirasida “Madad” nodovlat notijorat tashkilotining tuman huquqiy maslahat byurolarining asosiy vazifalari belgilab berildi.
Bu vazifalar fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha bepul yordam ko‘rsatishga qaratilganligi juda muhim. Bunda fuqarolarga, jumladan, onlayn maslahat va tushuntirishlar berish yo‘li bilan birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish, nizolarni sudgacha sud orqali hal etishda zarur bo‘ladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashish haqida so‘z bormoqda.
Shuni aloxida ta’kidlash joizki, Toshkent shahri, Yangihayot tumani huquqiy maslahat byurosiga 2025-yil 7 oyi davomida 1 ming 436 nafar fuqaro murojaat qilgan bo‘lib, ularga tegishli huquqiy maslahatlar berilgan. Shundan 110 nafar fuqaroning murojaatlari bo‘yicha sudlarga ariza va da’vo arizalari bepul tayyorlab berilgan.
Murojaat qilgan fuqarolarga tegishli davlat organlariga arizalar tayyorlab berishda ham atroflicha yordam ko‘rsatildi. Jumladan, ushbu davrda yo‘llangan jami murojaatlarning 30 foizdan ortig‘ini Kam ta’minlanganlar ijtimoiy yagona reyestriga, “Ayollar daftari”ga kiritilganlar, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar va pensionerlar tashkil etadi.
Yangihayot tumani huquqiy maslahat byurosi huquqshunoslari ko‘magida sudlarga tayyorlab berilgan ariza va da’vo arizalarining 50 foizdan ziyodi nikohdan ajratish, aliment undirish, otalik huquqidan mahrum qilish va moddiy yordam ko‘rsatish masalalariga taalluqlidir.
Bundan tashqari O‘zbekiston Prezidentining tumandagi Xalq qabulxonasi, tuman adliya bo‘limi, Davlat xizmatlari va yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari bilan birgalikda 30 dan ortiq maxalla, korxona, tashkilot hamda ta’lim muassasalarida sayyor qabullar o‘tkazildi. Joylardagi bunday jonli muloqotlarda ham asosiy e’tiborni jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonlik darajasini oshirishga qaratib kelmoqdamiz.
Muxtasar aytganda, Konstitutsiyamiz, O‘zbekiston Prezidenti Farmoni va Vazirlar Mahkamasi qarori bilan zimmamizga sharafli hamda o‘ta mas’uliyatli vazifalar yuklatilganligini yaxshi tushunamiz. Shunday ekan, aholiga, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari, yoshlar va xotin-qizlar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ular uchun qulay, deylik, onlayn tarzda ham bepul yuridik ko‘rsatishda izchil davom etamiz.
Nishonboy XOJAYEV,
Toshkent shahridagi Yangihayot tuman huquqiy maslahat byurosining bosh mutaxassisi – rahbari,
Birinchi darajali adliya maslahatchisi
«Kuch – adolatda» gazetasining 2025-yil 3-oktyabr kungi 41 (1075)-soni
- Qo'shildi: 03.10.2025
- Ko'rishlar: 125
- Chop etish