Birinchi Farg‘ona tinchlik forumi ochildi

15-oktyabrda Farg‘ona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida muloqot, ishonch va hamkorlikning yangi mintaqaviy maydoniga aylanishi kutilayotgan Birinchi Farg‘ona tinchlik forumining ochilishi bo‘lib o‘tdi. 

Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, YEXHT, Yevropa Ittifoqi, shuningdek, qator xalqaro va milliy hamkorlar tomonidan tashkil etildi.

Anjumanda MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlarining yetakchi "aql markazlari" ekspertlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolik jamiyati, biznes, akademik doiralari vakillari va yoshlar faollari ishtirok etmoqda.

So‘zga chiqqanlar qayd etganlaridek, asrlar davomida vodiy savdo yo‘llari, madaniyat va dinlar kesishgan sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib xizmat qilgan. Ammo XX asr va XXI asrning boshlanishi yopiq chegaralar, bo‘lingan jamoalar, qo‘shnilar o‘rtasidagi ishonchsizlik kabi jiddiy sinovlarni olib keldi.

Bugun mintaqa davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli tarixning bu sahifasi o‘zgarmoqda. Davlatlararo chegaralar asta-sekin hamkorlik ko‘priklariga, Farg‘ona vodiysining o‘zi esa Markaziy Osiyoning yangi davri ramziga aylanib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov forum shunchaki muhokama maydoni emas, balki mintaqaviy hamkorlikning yangi falsafasini shakllantirish yo‘lidagi qadam ekanini ta’kidladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining yubiley 80-sessiyasida "Markaziy Osiyoda yopiq chegaralar, hal etilmagan nizo va mojarolar davri o‘tmishda qoldi. Bugun Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi", deya qayd etgan so‘zlarini yodga oldi.

– Farg‘ona vodiysi bir necha o‘n yillar davomida murakkab ziddiyatlar hududi sifatida qabul qilingan. Bugun esa u yaxshi qo‘shnichilik, ochiqlik va birgalikda bunyodkorlik orqali ishonchsizlikning tarixiy merosini qanday yengib o‘tish mumkinligi bo‘yicha namunaga aylanmoqda. Forum – bu jarayonni mustahkamlash, uni o‘zaro tushunish va barqaror rivojlanishning uzoq muddatli strategiyasiga aylantirishga qilingan urinishdir, – dedi E. Aripov. Forum yangi an’ananing – tajriba almashish, qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish va mintaqaviy birdamlik g‘oyalarini ilgari surishga qaratilgan uch mamlakat vakillarining yillik uchrashuvlarining boshlanishi bo‘ladi. Ishonchimiz komilki, faqat birgalikda chegaralar bo‘linish chizig‘i emas, balki bog‘lanish chizig‘iga aylanadigan kelajakni qurish mumkin.

Forumda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov ham ishtirok etmoqda. A. Saidov Forumning ikkinchi kuni – 16-oktyabrda qirg‘izistonlik hamkorlar va Tinchlikni barpo etish xabi ko‘magida ilk bor tashkil etiladigan "Intimak kuni" (Birdamlik kuni) ochilishida so‘zga chiqishi rejalashtirilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech