Varshava konferensiyasi doirasida gender tenglikka erishish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi taqdim etildi

O‘zbekiston delegatsiyasi YEXHTning mamlakatimizdagi muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda 2025-yil 14-oktyabr kuni insoniylik mezonlari bo‘yicha Varshava konferensiyasi doirasida "Gender tenglik istiqbollari: O‘zbekistonning ayollar huquqlari bo‘yicha global kun tartibiga qo‘shgan hissasi" mavzusida qo‘shimcha tadbir (side event) o‘tkazdi.

Konferensiya 6-17-oktyabr kunlari YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) tomonidan tashkil etildi.

Qo‘shimcha tadbirning maqsadi – O‘zbekistonning global miqyosda ayollar huquqlarini ilgari surishdagi hissasini namoyish etish hamda gender tenglikka erishishni tezlashtirish, ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha strategiyalar haqidagi xalqaro muloqotni mustahkamlashdan iborat.

Munozarada 40 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, YEXHTga a’zo davlatlar diplomatik vakolatxonalari, fuqarolik jamiyati, xalqaro tashkilotlar va akademik institutlar vakillari qatnashdi.

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D.Muratova boshchiligida panel muhokamasi shaklida o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi G. Ma’rufova parlamentning ayollar huquqlarini ilgari surish bo‘yicha faol platformaga aylanganini ta’kidlab, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Gender tenglikka erishish bo‘yicha milliy strategiyaning bu boradagi ijobiy ta’sirini qayd etdi. Ayollarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash chora-tadbirlari, jumladan, imtiyozli kreditlash dasturlari va ta’lim tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari U.Abdullayeva ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi haqida batafsil to‘xtaldi. Uning fikricha, "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning qabul qilinishi va 2023-yilda ayollarga nisbatan maishiy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilgani, jinsiy tazyiq tushunchasi aniqlanib, bunday jinoyatlar uchun jazo belgilangani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mamlakatda zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha idoralararo tizim yaratilgan bo‘lib, u himoya orderi institutini o‘z ichiga oladi.

O‘z navbatida, "Istiqbolli avlod" respublika ijtimoiy-axborot markazi direktori N.Karimova davlat tuzilmalari va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikning ijobiy rivojlanayotganiga e’tiborni qaratdi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining zo‘ravonlikka nisbatan "nol bag‘rikenglik" madaniyatini shakllantirishdagi hissasini ta’kidladi.

Shuningdek, «Digital Generation Uzbekistan» NNT matbuot kotibi M.Mamajonova raqamlashtirishning ayollar imkoniyatlarini kengaytirishdagi o‘rni haqida so‘z yurtdi. Raqamli ko‘nikmalarning ayollar bandligi va tadbirkorligini oshirishdagi ahamiyatini yuqori baholadi.

Muhokama ishtirokchilari mamlakat rahbariyatining yuksak siyosiy irodasi va keng ko‘lamli qonunchilik islohotlari asosida Yangi O‘zbekistonda gender tenglik sohasida sezilarli yutuqlarga erishilganini bir ovozdan e’tirof etdilar.

Tadbir yakunida ishtirokchilar ayni sohada erishilgan natijalar izchil davlat siyosati, keng qamrovli huquqiy chora-tadbirlar, fuqarolik jamiyati va xalqaro hamkorlar bilan faol hamkorlik tufayli qo‘lga kiritilganini ta’kidladilar. Shuningdek, ijtimoiy qarashlarni o‘zgartirish, ayollarning to‘liq emansipatsiyasiga to‘sqinlik qilayotgan gender stereotiplarni bartaraf etish borasidagi ishlarni davom ettirish zarurligi alohida qayd etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech