“Tinchlik uchun barchamiz mas’ulmiz” (+video)

“Barcha ne’matlarning eng qadrlisi tinchlik. Va uni barqaror saqlashga barcha birdek mas’ul bo‘lmog‘i lozim”. Farg‘ona birinchi xalqaro tinchlik forumida ilgari surilayotgan fikr va takliflar shu g‘oya bilan uyg‘unlashgan.

Bugungi yalpi sessiya O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning chiqishi bilan boshlandi.

– Tinchlik, ayniqsa, dunyo ayollari, xotin-qizlari, yoshlari uchun qanchalar muhimligi ayon. Bu borada O‘zbekistonda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo endi mintaqadagi kuchlarni, sa’y-harakatni birlashtiradigan vaqt keldi. Biz birlashsak – kuchmiz, – dedi Zulayho Mahkamova.

Forum minbariga chiqqan Yevropa, Osiyo mamlakatlari vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari tinchlikni saqlash va mustahkamlashda jamoatchilik, xalq diplomatiyasi va ijtimoiy institutlar o‘rnini kuchaytirish lozimligini ta’kidladilar.
– Bugun Farg‘onada erkin fikr almashish, bahslashish va qarorlar qabul qilish uchun yangi siyosat munozarasi maydoni yaratildi, – deyishdi ular. – Bu maydon bir martalik emas, uzluksiz harakatdagi ovoz bo‘lishi shart.

Bu taklifni qo‘llab-quvvatlagan Tojikiston va Qirg‘iziston vakillari navbatdagi tinchlik forumiga mezbonlik qilishga tayyor ekanlarini bildirdilar.

– Ikki kundirki, Osiyo mamlakatlarida Farg‘ona birinchi tinchlik forumida ko‘tarilgan masalalar tildan tushmayapti. Sababi – barqaror tinchlik barcha uchun ustuvor vazifa. Shu ma’noda ham Farg‘ona birinchi tinchlik forumini aslida Markaziy Osiyo tinchlik forumi deb atash mumkin, – dedi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining direktori Akmal Saidov. – O‘zbekiston esa nafaqat mintaqa, balki dunyoda barqaror tinchlikning eng manfaatdor targ‘ibotchisidir.

Bugun ham sessiyalarda “Hamjihatlik kuni”, “Yoshlar salohiyati”, “Iqlim o‘zgarishi” kabi bir necha mavzular yuzasidan manozaralar bo‘lib o‘tmoqda.

– Avvalo, shuni aytish kerakki, Farg‘ona birinchi tinchlik forumi shu yil bahorda So‘g‘dda uch davlat rahbarlari imzolagan “Do‘stlik deklaratsiyasi”ga monand tarzda o‘tkazilmoqda, – deydi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduarde Stiprays. – Forum uch davlatning yagona tinchlik maydonini yaratdi. Masalan Yevroittifoq ham shu kabi muloqotlardan boshlangan edi. Farg‘onadagi forum kelajakda Markaziy Osiyo ittifoqi kabi siyosiy tuzilmaga asos bo‘lishi mumkin deb o‘ylayman. Chunki uning ishtirokchilari mamlakatlar, xalqlarning birlashish istagi, shu yo‘ldagi say-harakatlarini bayon etmoqdalar. Bunday birlik, albatta, davlatlar miqyosida hal etiladi. Ammo Farg‘ona birinchi tinchlik forumi shu yo‘ldagi muhim qadam deb o‘ylayman.

Yevropa Ittifoqiga kelsak, biz bunday g‘oyani hamisha qo‘llab- quvvatlaymiz.

Forum doirasida xalqaro tashkilotlar rahbarlarining o‘zaro muloqotlari ham bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduarde Stipreysni qabul qildi. Muzokara chog‘ida O‘zbekistonning mintaqada tinchlikni saqlash bo‘yicha sa’y-harakatlari Yevropa ittifoqi tomonidan yuqori baholanayotgani bildirildi. Tomonlar bu borada hamkorlikni davom ettirishlarini ta’kidladilar.

Farg‘ona birinchi tinchlik forumi davom etmoqda.

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA

Powered by GSpeech