Varshavada Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXH)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tomonidan Insoniylik mezonlari bo‘yicha Varshava konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Anjuman doirasida “Gender tenglik istiqbollari: O‘zbekistonning ayollar huquqlari bo‘yicha global kun tartibiga qo‘shgan hissasi” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistonning xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish va gender tenglikni ta’minlash sohasidagi yutuqlarini taqdim etish, shuningdek, ushbu sohadagi taraqqiyotni jadallashtirish masalalari bo‘yicha xalqaro muloqotni mustahkamlashga ko‘maklashishdan iborat.
Munozarada 40 dan ortiq ishtirokchi, shu jumladan, YeXHTga a’zo davlatlar diplomatik vakolatxonalari, fuqarolik jamiyati, xalqaro tashkilotlar va akademik institutlar vakillari qatnashdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zosi G.Marufova, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D.Murodova O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash borasida qilinayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Parlamentning ayollar huquqlarini ilgari surish bo‘yicha faol platformaga aylangani ta’kidlandi. 2030 yilgacha mo‘ljallangan Gender tenglikka erishish bo‘yicha milliy strategiyaning bu boradagi ijobiy ta’siriga e’tibor qaratildi.
Ayollarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash chora-tadbirlari, jumladan, imtiyozli kreditlash dasturlari va ta’lim tashabbuslariga alohida urg‘u berildi.
Muhokama ishtirokchilari mamlakat rahbariyatining yuksak siyosiy irodasi va keng ko‘lamli qonunchilik islohotlari asosida Yangi O‘zbekistonda gender tenglik sohasida sezilarli yutuqlarga erishilganini e’tirof etdi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 17.10.2025
- Ko'rishlar: 129
- Chop etish