Ma’lumotlar davri bayrami

20-oktyabr – Butunjahon statistika kuni

Har besh yilda bir marotaba, 20-oktyabr sanasida dunyo jamoatchiligi Butunjahon statistika kunini nishonlaydi. Ushbu bayram zamonaviy jamiyatda ishonchli, aniq va xolis ma’lumotlarning o‘rni va ahamiyatini e’tirof etish, shuningdek, statistika sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning xizmatlarini qadrlash maqsadida joriy etilgan.

Bugungi davrda ma’lumotlarga yangi resurs, boringki, «yangi neft» maqomida qaraladi. Biroq ma’lumot to‘g‘ri yig‘ilgan, aniq tahlil qilingan va oqilona talqin etilgan taqdirdagina jamiyat va davlat uchun foyda keltiradi. Shu jihatdan, statistika zamonaviy hayotda muhim o‘rin tutadi va shaxsiy qarorlardan tortib davlat siyosatini shakllantirishgacha bo‘lgan barcha jabhalarda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Ishonchli statistik ma’lumotlar hamda ko‘rsatkichlarni tayyorlashning ahamiyati yuqoriligini inobatga olgan holda, 2008-yilda BMTning Statistika bo‘limi barcha hamkor davlatlarda joylashgan va statistika bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga Butunjahon statistika kunini ta’sis etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida taklif yo‘lladi. Bu g‘oya qisqa fursat ichida keng qo‘llab-quvvatlandi.

Binobarin, 2010-yilda BMTning 41-sessiyasida Statistika komissiyasi tomonidan Butunjahon statistika kunini (World Statistics Day) ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ya’ni, BMT Bosh Assambleyasi 2010-yil 3-iyunda qabul qilgan 64/267-sonli rezolyutsiyaga ko‘ra, 20-oktyabr – Butunjahon statistika kuni, deb e’lon qilindi.

 Keyingi yillarda ushbu xalqaro sana nafaqat an’anaviy bayramga, balki dunyodagi milliy statistika tizimlari faoliyatini, ularning yutuqlari va ahamiyatini keng targ‘ib qilish maydoniga aylandi. Jumladan:

  • 2015-yil 20-oktyabrda “Ma’lumotlar sifatini oshirish — hayot sifatini oshirish” shiori ostida ikkinchi Butunjahon statistika kuni o‘tkazildi.

  • 2020-yil 20-oktyabrda “Ishonchli ma’lumotlar orqali dunyoni birlashtiramiz” mavzusida uchinchi bayram o‘tkazildi.

  • 2025-yil 20-oktyabr – Butunjahon statistika kuni munosabati bilan esa BMTning 80-yillik tantanalari doirasida xalqaro hamkorlik va yagona standartlar doirasida statistikaning global ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Butunjahon statistika kunining maqsadi — statistika muassasalari va tashkilotlari xodimlari har kuni amalga oshiradigan muhim faoliyatga jamoatchilik e’tiborini jalb qilishdan iborat. Chunki aynan statistika muassasalari aniq, xolis va taqqoslanadigan ma’lumotlarni to‘plash orqali milliy va xalqaro darajada turli sohalarda keng ko‘lamli ishlar olib borilishiga hissa qo‘shadi.

Statistika jamiyatning barcha sohalarida — iqtisodiyot, ijtimoiy soha, sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma va boshqa yo‘nalishlarda muhim qarorlarni qabul qilishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, maktablar, kasalxonalar, yo‘llar, uy-joylar qurilishi hamda ta’lim va sog‘liqni saqlash dasturlari statistik ma’lumotlarga tayanish orqali rejalashtiriladi.

Shuningdek, statistika kambag‘allik darajasi, aholi sog‘ligi, ta’lim imkoniyatlari, ishsizlik, migratsiya va atrof-muhit holati kabi murakkab masalalarda aniq tasavvurga erishishga yordam beradi. Bu, o‘z navbatida, davlat dasturlari va byudjetlarning samarali taqsimlanishini ta’minlaydi.

Butunjahon statistika kuni mutaxassislarning kundalik mehnatini qadrlash va jamoatchilikni statistikaning ahamiyatiga jalb qilish uchun o‘ziga xos platforma hisoblanadi. Ushbu bayram insoniyatga ta’sir etuvchi tendensiyalar va muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yo‘llarini belgilashda ishonchli, xolis va shaffof ma’lumotlar muhim ekanini yana bir bor eslatadi.

Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston rasmiy statistika tizimini takomillashtirishga katta e’tibor qaratmoqda. Mamlakatimizda statistika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va xalqaro standartlarga muvofiqlik ishlari salmoqli natijalar bermoqda.

Xususan, 2024-yil yakuni bo‘yicha mamlakatimiz Jahon bankining “Statistika salohiyati” indeksida 100 balldan 80,3 ballni qo‘lga kiritib, reytingda 61 o‘rinni egalladi. Agar qiyoslaydigan bo‘lsak, 2016-yil hisobotiga qaraganda – 62 pog‘onaga, 2019-yilga nisbatan esa 16 pog‘onaga ko‘tarilishga erishildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi “Open Data Inventory (ODIN)” reytingida 197 ta mamlakat orasida 87 ball bilan 14-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni saqlab qoldi. Bu ko‘rsatkich mamlakatimizda ma’lumotlarning shaffofligi va foydalanuvchilar uchun ochiqligi ta’minlanayotganidan dalolat beradi.

Shuningdek, ODIN reytingi 2023-yildan boshlab BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari indikatorlari qatoriga kiritilgan. Bu esa ayni reytingning xalqaro nufuzini yanada oshirmoqda va ochiq ma’lumotlarga tayangan siyosiy hamda ijtimoiy qarorlar qabul qilinishiga turtki berishi tayin.

Shunday qilib, Butunjahon statistika kuni — ma’lumotlarga bo‘lgan munosabatni takomillashtirishga, statistika sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar hurmati va qadrini oshirishga qaratilgan muhim xalqaro sanadir. O‘zbekiston so‘nggi davrda erishgan yutuqlar ushbu yo‘nalishdagi intilishlarimizni yanada mustahkamlab, jahon hamjamiyatida mamlakatimizning obro‘sini oshirishga xizmat qilmoqda.

Yanada muhimi, Yangi O‘zbekistonning statistika sohasidagi yutuqlari va xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari mamlakatning ochiqlik va barqaror rivojlanishga intiluvchi yangi siyosati samarasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

 

Azizbek Begimov,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi

Hisob-kitob bo‘limi

bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech