Birlashgan Millatlar Tashkilotining 80-yilligi: ko‘p tomonlama tizimni isloh qilishning xalqaro-huquqiy asoslari

28-oktyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida BMT tizimini isloh qilish, uning institutlari samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy global muammolarga yangi yechimlar topish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilindi.

Konferensiyada xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, ilmiy tadqiqotchilar, talabalar hamda xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari professorlari ishtirok etdilar.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari professor M.Tillabayev o‘z nutqida xalqaro huquq va inson huquqlarining rivojlanishi, mamlakatimizning BMT bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorligi va bu borada so‘nggi yillarda erishilayotgan yutuqlarga to‘xtalib, raqamli davrda yuzaga kelayotgan yangi muammolar hamda ularni yechimlari bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bayon qildi.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, BMTning yubiley yilida ushbu konferensiyaning tashkil etilishi xalqaro hamjamiyatning ko‘p tomonlama tizim islohoti masalalaridagi birdamligini oshirish, davlatlar, ekspertlar va xalqaro institutlar o‘rtasida samarali muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu jarayon jahon miqyosidagi global muammolarni bartaraf etish, barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va O‘zbekistonning xalqaro imiji hamda diplomatik nufuzini yanada yuksaltirishga hissa qo‘shadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech