Milliy markaz xodimlari “Zakovat” intellektual o‘yinida birinchi o‘rinni egalladi

10–11 noyabr kunlari O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Yosh kutubxonachilar V forumi bo‘lib o‘tdi. An’anaviy anjuman “INFOLIB O‘ZBEKISTON–2025” XIV Milliy axborot-kutubxona haftaligi hamda “Yangi O‘zbekiston kutubxonachilari – sun’iy intellekt orqali yuksak marralar sari!” shiori ostida o‘tkazildi.

Forum doirasida bir qator tadbirlar – seminar-treninglar, davra suhbatlari, taqdimotlar, mahorat darslari hamda intellektual va sport musobaqalari tashkil etildi.

Xususan, 10-noyabr kuni “Intellektual qudratga ega yoshlarimiz – Yangi O‘zbekiston taraqqiyot ko‘zgusi” mavzusida davra suhbati, shuningdek, “Sun’iy intellekt orqali yuksak marralar sari” mavzusida seminar-trening hamda “Zakovatli yoshlar – yurt tayanchi” shiori ostida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Mazkur intellektual o‘yinda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar orasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Milliy markazning Malika Talipova, Shodiya Ismoilova va boshqa xodimlaridan iborat jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, 11-noyabr kuni forum doirasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Yosh kutubxonachilar V Forumi doirasida “Loyihalarni yaratish” va “O‘z loyihangni amalga oshir…” mavzularida trening, Yoshlar ishlari agentligida “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Qizlar akademiyasi”, “UstozAI” kabi yoshlar loyihalari taqdimoti, Respublika Bolalar kutubxonasiga ekskursiya, “Kutubxonachining psixologik resurslari: ruhiy kuch va ichki barqarorlik sirlari” mavzusidagi psixologik seminar-trening, “Nozik barmoqlar jilosi” nomli kashtachilik va abru-bahor bo‘yicha mahorat darslari hamda shaxmat-shashka bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi.

Forum yosh kutubxonachilarning kasbiy salohiyatini oshirish, intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, shuningdek, ularni zamonaviy texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanishga undashga xizmat qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech