«Tong yulduzi» kutubxonasi turkumida «Bolalik kunlarimda...» kitobi chop etildi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda bolalar va o‘smirlar uchun chiqadigan «Tong yulduzi» gazetasi hamkorligida tayyorlangan «Bolalik kunlarimda...» nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, kutubxonalar faoliyatini zamon talablariga mos ravishda tashkil etish hamda yosh avlodni kitob va milliy adabiyotga oshno etish masalalari davlat siyosati darajasida e’tibor markazida ekani ta’kidlandi.
Ushbu kitob orqali o‘quvchilar «Tong yulduzi» gazetasida chop etilgan mamlakatimizdagi taniqli ijodkorlar, ilm va fan fidoyilari, shuningdek, el ardog‘idagi san’atkorlarning bolalik xotiralari, o‘quvchilik davridagi qiziqarli voqealar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
E’tiborli jihati shundaki, «Tong yulduzi» gazetasidagi ko‘plab ruknlar orasida «Bolalik kunlarimda...» rukni o‘quvchilar orasida ayniqsa ommalashgan. Unda har bir qahramonning bolalik xotiralari, hayot yo‘lidagi sinovlar va ularni yengishdagi matonati har bir o‘quvchi uchun ibrat namunasi bo‘ladi.
Aytish joizki, “Tong yulduzi yoritgan olam” nomli birinchi kitob Milliy kutubxona fondi hamda tizimdagi 200 dan ortiq kutubxonaga, shuningdek, respublikamizdagi ijod maktablari va umumta’lim maktablari kutubxonalariga ikki nusxadan bepul tarqatilgan edi.
An’anaga ko‘ra, yangi nashr — «Bolalik kunlarimda...» kitobi ham xuddi shunday tarzda tarqatiladi.
N. Usmonova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский