«Bolalik kunlarimda…» asari bilan bolalikka qaytib....
Bolalik… har bir inson qalbining eng sof, eng bebaho sahifasidir. U yodga tushganda yuzga tabassum, ko‘zga bexos yosh keltiradi. Bolalik — insonni shunday bir samimiy dunyoga chorlaydiki, u yerda hali g‘am-tashvish yo‘q, faqat orzu va mehr bor. Ana shunday bolalik xotiralariga sayohat — «Bolalik kunlarimda…» asari taqdimoti davomida yuz berdi.
13 noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Tong yulduzi» kutubxonasining ikkinchi kitobi namoyish etildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan «Tong yulduzi» gazetasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir adabiyot, ta’lim va ijod ahlini yana bir bor ma’naviy bir maydonda birlashtirdi.
Taqdimotda senator, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist — Abdusaid Ko‘chimov tadbirni ochib, samimiy so‘z bilan ishtirokchilarga murojaat qildi.

U bolalik — inson hayotidagi eng go‘zal davr ekanini, ushbu kitob har bir o‘quvchini bolalik xotiralari bilan yana bir bor uchrashtiradigan, sog‘ingan kunlarni yodga soladigan bebaho asar ekanini ta’kidladi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar Jabbor Razzoqov, Xusan Ermatov, Erkin Malik, shuningdek, shayx Abdulaziz Mansur, adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev, Jurnalistlar uyushmasi vakillari Xolmurod Salimov, Milliy tiklanish partiyasidan Feruza Jalilova hamda Feruza Muhammadjonova, «Tong yulduzi» gazetasi bosh muharriri Feruza Adilova va boshqalar ishtirok etdilar.

Ular asar haqidagi samimiy fikrlarini bildirib, bu kitob nafaqat ijod ahli uchun, balki har bir kitobxon qalbida bolalikning beg‘ubor sof tuyg‘ularini qayta jonlantiradigan asar ekanini ta’kidladilar.

Qayd etish joiz, avalroq “Tong yulduzi” kutubxonasi turkumida chop etilgan ilk kitob — “Tong yulduzi yoritgan olam” asari Milliy kutubxona fondi va respublika bo‘ylab 200 dan ortiq kutubxonaga, ijod maktablariga hamda umumta’lim maktablariga bepul yetkazilgan edi. “Bolalik kunlarimda…” kitobida ham ana shu ezgu an’ana davom etmoqda. Bugungi kunda esa mazkur kitob respublikamizdagi ixtisoslashtirilgan maktablar kutubxonalariga ham topshirilgan. Asarda «Tong yulduzi» gazetasidagi mashhur rukn — «Bolalik kunlarimda…» sahifalarida chop etilgan taniqli ijodkorlar, ilm-fan fidoyilari va el ardog‘idagi san’atkorlarning bolalik xotiralari jamlangan bo‘lib, har bir qahramonning hayot sinovlariga dadil qarashi, orzu va mehnati bilan muvaffaqiyatga erishgani haqidagi samimiy yodnomalar har bir o‘quvchi uchun ibrat maktabi vazifasini o‘taydi. Shu bilan birgalikda, asar qahramonlarining hayoti, ijodi, san’ati, mehnat faoliyati bilan milliy adabiyotimiz, san’atimiz rivojiga, xalqimiz ma’naviyatini boyitishga, yosh avlod tarbiyasiga qo‘shgan salmoqli hissasi o‘quvchilarda katta taassurot qoldiradi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar kitobning ana shu jihatlari borasida to‘xtalib o‘tdilar.
El ardog‘idagi san’atkorlar Xayrulla Lutfullayev ijrosidagi dilband taronalar esa kechaga yanada fayz ulashdi.

Bir so‘z bilan aytganda, taqdimot bahona olib borilgan muloqot va shirin suhbatlar asnosida har bir mehmon bir muddat o‘z bolaligiga qaytdi, o‘sha sof kunlarni bir lahza bo‘lsa-da, qayta his qildi.
Shu tariqa “Bolalik kunlarimda…” nomli asari xotiralar, bolalar uchun ibrat, kattalar uchun esa o‘tmishga muhabbat va mehr manbaidir. Qolaversa, “Tong yulduzi” kutubxonasining mazkur ikkinchi kitobi — nafaqat bolalar, balki har bir katta inson uchun ham bolalikka qayta sayohat ettiradigan, qalbni poklaydigan va o‘yga soladigan asar sifatida qadrlidir, desak yanglishmaymiz.
M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский