O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor

Ma’lumki, UNESCO tashkiloti tomonidan dunyoda tinchlik, dinlar va konfessiyalararo muloqotni ta’minlash, millatlar va elatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilib, hozirda bag‘rikenglikka oid 70 dan ziyod xalqaro hujjatlar qabul qilingan. 

BMT Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997-yildan buyon 16-noyabr har yili butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanib kelinadi. Bu sanani bizda, O‘zbekistonda nishonlash ham yaxshi an’anaga aylangan. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston azaldan turli millat, elat va din vakillarining tinch-totuv, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhiti bilan ahillikda hayot kechirgan maskan sifatida e’tirof etiladi.

Hozirgi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik tamoyillari asosida yashab kelmoqda.

Shu munosabat bilan mamlakatimizning barcha hududlarida millatlararo va dinlararo do‘stlik, ahillik va birdamlikni mustahkamlashga qaratilgan turli tadbirlarni o‘zida jamlagan “Bag‘rikenglik haftaligi” tadbirlariga start berildi. 

Shu maqsadda bugun poytaxtimizdagi “Azimut Grand” mehmonxonasida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusida an’anaviy xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur konferensiya Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamkorligida tashkil qilindi.

Anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, dinshunos ekspertlar, islomshunoslar, etnik-madaniy birlashmalar, diniy konfessiya vakillari, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyat, milliy madaniy markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ham qatnashdi.

Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Ruslanbek Davletov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar tabrik so‘zlari bilan ochib berdilar.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Muzaffar Kamilov ham ishtirok etib, ma’ruza qildi. 

16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan ushbu xalqaro anjumanni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – so‘nggi yillarda O‘zbekistonda tinchlik, osoyishtalik omillaridan biri bo‘lgan diniy bag‘rikenglik, dinlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish, istiqboldagi belgilangan vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va shu yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega shaxs sifatida tarbiyalash, allomalarimiz merosidagi yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, ularda bag‘rikenglik madaniyatini rivojlantirish; turli millat yoshlari uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati his-tuyg‘usini mustahkamlash bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Yurtimizda xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zaminda buyuk g‘oya va sof niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashligi bag‘rikenglikning yorqin namunasidir. Chuqur o‘ylangan milliy va diniy siyosat tufayli O‘zbekiston bugun butun dunyo mamlakatlari uchun bag‘rikenglik namunalarini o‘zida mujassam etgan davlat sifatida namuna bo‘lmoqda. O‘zbekistonning bu ko‘p asrlik tajribasi o‘zbek millatiga xos bag‘rikenglik xususiyatlari Markaziy Osiyo va boshqa rivojlangan mamlakatlar uchun andoza bo‘lib xizmat qilmoqda. 

2019-yildan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu sana O‘zbekistonda haftalik tarzida keng nishonlanadi. Bu yil ham ushbu an’ana davom etib, “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” shiori ostida “Bag‘rikenglik haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda. Haftalik doirasida brifing, davra suhbatlari, konferensiyalar va boshqa madaniy-ma’rifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Konferensiya “Dinlararo muloqot va bag‘rikenglikni ta’minlashda yangi O‘zbekiston va jahon tajribasi”, “Konfessiyalararo va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdagi hamkorlik” hamda “Ta’lim va ma’rifat – dinlararo totuvlik va barqarorlikni ta’minlashning asosi” kabi sho‘balarga bo‘lingan holda davom etdi.

Diniy bag‘rikenglik turli e’tiqodlarning bir zamon va makonda birgalikda mavjud bo‘lishi, ular o‘rtasidagi hamkorlik va hamjihatlikning shakllanishi bilan bevosita bog‘liq. Bu, o‘z navbatida, yurt tinchligi, taraqqiyoti va umuminsoniy madaniyat rivojiga xizmat qilgan. 

“O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ko‘rilgan masalalar mamlakatimiz tarixan ko‘pmillatli o‘lka sifatida turli din va millat vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilganligi va diniy jamoalar jamiyat taraqqiyotida tobora faol ishtirok etayotganini ifodalaydi.

 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Powered by GSpeech