Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash yo‘lida

27-noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ayni mavzuida jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi. Tibbiyot xodimlari uchun mo‘ljallangan ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etdi.

Jamoatchilik eshituvida Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari, fuqarolik jamiyati vakillari, tibbiyot sohasi xodimlari va nogironligi bo‘lgan shaxslar ishtirok etdi.

Tadbirda asosiy e’tibor tibbiyot xodimlari o‘rtasida O‘zbekiston 2021-yilda ratifikatsiya qilgan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablarini to‘g‘ri tushunish va ularni amaliyotga to‘liq tatbiq etish darajasini oshirish masalasiga qaratildi. Bu jarayonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatishda inklyuziv yondashuvni mustahkamlashning muhimligiga urg‘u berildi.

O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi rahbari o‘rinbosari Farhod Abdurahmonov va Sog‘liqni saqlash vazirligi nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Bahodir Karimovning shu mavzudagi ma’ruzalari tinglandi.

Ishtirokchilar sog‘liqni saqlash tizimida inklyuzivlikni kuchaytirish bo‘yicha bir qator muhim takliflarni ilgari surdilar. Bu o‘rinda, jumladan:

  • doimiy malaka oshirish kurslarini joriy etish, ya’ni nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari va ularga xizmat ko‘rsatish madaniyatini takomillashtirish maqsadida tibbiyot xodimlari uchun majburiy va doimiy malaka oshirish kurslarini tashkil etish;

  • barcha tibbiyot muassasalarida “oqilona moslashuv bo‘yicha yagona standart”ni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish hamda ushbu standart jismoniy va axborot muhitining to‘liq inklyuzivligini ta’minlashiga erishish lozimligi haqida so‘z bormoqda.

Shuningdek, tadbir davomida bir qator ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Birinchidan, tibbiy modeldan ijtimoiy modelga o‘tish: nogironlikni faqatgina tibbiy holat sifatida emas, balki jamiyat tomonidan yaratilgan to‘siqlar natijasi sifatida ko‘ruvchi ijtimoiy model tamoyillari atroflicha tushuntirildi. Bu yondashuv tibbiyot xodimlaridan inson huquqlariga asoslangan xizmat ko‘rsatishni talab etadi.

Ikkinchidan, kamsitishning oldini olish: tibbiyot muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik mexanizmlari, xususan, xabardor qilingan rozilik olish va maxfiy ma’lumotlarni himoya qilish tartiblari muhokama qilindi.

Uchinchidan, oqilona moslashuvni ta’minlash: tibbiy xizmatlardan foydalanishda oqilona moslashuv (reasonable accommodation) prinsipining ahamiyati tushuntirildi. Misollar sifatida imo-ishora tilida xizmat ko‘rsatish, ko‘rish qobiliyati pastlar uchun yordamchi materiallar va mobil xizmatlarni kengaytirish zarurati ta’kidlandi.

To‘rtinchidan, erta aralashuv va abilitatsiya: nogironlikni erta aniqlash va bolalarning rivojlanishidagi buzilishlarni tuzatishga qaratilgan abilitatsiya (yangi ko‘nikmalarni shakllantirish) xizmatlarini kuchaytirish masalalariga urg‘u berildi.

Beshinchidan, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari (TMEK) faoliyatini takomillashtirish: TMEK xulosalarini tayyorlashda nafaqat tibbiy ko‘rsatkichlarni, balki shaxsning ijtimoiy muhitdagi hayotiy ehtiyojlari va imkoniyatlarini ham hisobga olish muhimligi qayd etildi. Bunda TMEK xulosasi shaxsning jamiyatda to‘laqonli ishtirok etishiga ko‘mak berishi kerakligi uqtirildi.

Muhokamalar yakunida tibbiyot xizmatlarining inklyuzivligini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning kamsitilishi oldini olish va ularning tibbiy xizmatlardan teng foydalanish huquqlarini amalda ta’minlashga erishish uchun barcha manfaatdor tomonlar — davlat idoralari, xususiy sektor va nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi zarur, degan yakdil xulosaga kelindi.

Ishtirokchilarning barchasi nogironligi bo‘lgan shaxslarga hurmat bilan muomalada bo‘ladigan, ularning ehtiyojlarini hisobga olgan holda yordam beradigan va malakali xizmat ko‘rsatadigan xodimlarni o‘qitishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech