“Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi

1-dekabr kuni poytaxtimizda uzoq yillar davomida halol mehnat qilib, o‘z sohasida namunali faoliyat ko‘rsatgan, jamoatchilik ishlarida faol bo‘lgan, fidoyiligi bilan boshqalarga ibrat bo‘lib kelayotgan bir guruh mehnat faxriylarini taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ularga davlatimiz rahbari tomonidan ta’sis etilgan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Ma’lumki, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni mamlakatimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa turli sohalarida ko‘p yillar davomida halol, fidokorona va samarali mehnat qilib, jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizni e’tirof etish maqsadida ta’sis etilgan.

Shu bilan birga, umrini oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, farzandlarimizni jamiyat oldida mas’uliyatli, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq, ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga bag‘ishlab, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan mehribon va fidoyi onalar ham ushbu yuksak mukofotga loyiq topiladi.

Mazkur nishon nafaqat nuroniylarimizning mehnatiga berilgan munosib baho, balki kelajak avlod uchun ibrat bo‘ladigan ezgu umr yo‘lining o‘ziga xos e’tirofi hamdir. Bu e’tirof mehnat qilgan inson hech qachon unutilmasligini, xalqimiz bunday fidokorlarni doimo ardoqlashini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi Vasiylik kengashining 2025-yil 28-iyuldagi qaroriga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari G‘.Mirzayev va A.Qayumov “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech