KONSTITUTSIYA – INSON QADRI, ERKINLIK, TENGLIK VA ADOLAT GAROVI!
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va qonun ustuvorligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida ilmiy-amaliy davra suhbati hamda “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi” darslik-xrestomatiyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Asqar Gafurov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlari doktori, professor Murodjon Turg‘unov, direktor o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Abdumannob Tulyaganov, shuningdek Fanlar akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Milliy markaz huzuridagi Ilmiy-metodik kengash va boshqa davlat tashkilotlari vakillari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari, vazirlik va idoralarning yuridik xizmat xodimlari, FVV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari, kursantlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan Akademiya boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor Muzaffarjon Mamasiddiqov ochib, Konstitutsiyaning davlat va jamiyat hayotidagi ustuvor o‘rni, inson qadrini ulug‘lash va huquqiy demokratik jamiyat barpo etishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritib, muhtaram Prezidentimizning “Konstitutsiya – xalqimizning erkinligi, adolatga ishonchi va kelajak avlodlar farovonligini ta’minlaydigan mustahkam huquqiy poydevordir.” deya aytgan so‘zlarini e’tirof etdi.
Shundan so‘ng ustoz akademik Akmal Saidov tomonidan “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi” darslik-xrestomatiyasining taqdimoti o‘tkazildi. Ustoz mazkur darslikning bugungi kunda naqadar ahamiyatli ekanligini ta’kidlab, Konstitutsiya tahriridagi huquqiy normalar, inson manfaatlarini ta’minlashdagi yondashuvlar, ochiq va javobgar davlat boshqaruvi bo‘yicha batafsil ma’lumot berib o‘tdilar.
Tadbir davomida Asqar Gafurov, Murodjon Turg‘unov va Abdumannob Tulyaganov o‘z ma’ruzalarida Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasining siyosiy-huquqiy asoslari, inson huquqlarini ta’minlashdagi roli, Milliy strategiya mazmuni va davlat boshqaruvining yangi tizimidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida so‘z yuritdilar. Ma’ruzalar davomida ishtirokchilar tomonidan savol-javoblar, bahs-munozaralar va amaliy takliflar bildirildi.
Tadbir doirasida Favqulodda vaziyatlar vaziri va Akademiya boshlig‘ining buyruqlari bilan xizmat faoliyatida yuqori natija ko‘rsatgan harbiy xizmatchilar, shuningdek ilmiy va o‘quv jarayoniga salmoqli hissa qo‘shgan professor-o‘qituvchilar tantanali ravishda "a’lo xizmatlari" uchun ko‘krak nishoni, tashakkurnoma va minnatdorchilik hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Davra suhbati yuqori saviyada o‘tdi va Konstitutsiyaning amaliy hayotdagi qo‘llanilishi hamda inson huquqlarini ta’minlash borasidagi ahamiyati yuzasidan ishtirokchilarda ijobiy taassurot qoldirdi.
Ўзбекча
English
Русский