MAKTABDA KONSTITUTSIYA VA INSON HUQUQLARI DARSI

2025-yil 5-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati tomonidan Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 163-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” mavzusida huquqiy o‘quv darsi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33-yilligi hamda 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbirda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari Azizbek Ramazonov ma’ruza qildi.

Ma’ruzada Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qabul qilinishi, mazmuni va ahamiyati, inson huquqlariga doir xalqaro huquqiy normalarning yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ifodalanishi, “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy-demokratik islohotlarning natijalari to‘g‘risida o‘quvchilarga batafsil ma’lumot berildi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1948-yil 10-dekabrda Fransiya poytaxti Parij shahrida qabul qilingan. Ushbu hujjatning ishlab chiqilishiga Ikkinchi jahon urushi davomida jahon xalqlari boshidan kechirgan fojialar, vahshiyliklar hamda bu kabi holatlarga boshqa yo‘l qo‘ymaslik zarurati sabab bo‘lgan. Mazkur hujjatda alohida madaniyat, millat va mintaqalar bilan cheklanmagan universal qadriyatlar mustahkamlanib, har bir inson irqi, tanasining rangi, dini, jinsi, tili, siyosiy yoki boshqa e’tiqodi, milliy va ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy, tabaqaviy va boshqa holatidan qat’i nazar, insoniyatga mansubligi nuqtayi nazaridan ega bo‘lishi lozim bo‘lgan huquqlar belgilab qo‘yilgan. Deklaratsiya 30 moddadan iborat.

O‘zbekiston 1991-yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini ratifikatsiya qilgan va unda belgilangan barcha normalar Konstitutsiya darajasida mustahkamlangan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining II bo‘limi inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda insonning shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy huquqlari, umuminsoniy qadriyatlar va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari o‘rin olgan.

Konstitutsiyaning muqaddimasidayoq O‘zbekiston xalqi inson huquq va erkinliklariga sodiq ekani qayd etilgan. Bosh qomusimizning 54-moddasida davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari hamda erkinliklarini ta’minlashi belgilangan. Inson huquqlari Konstitutsiyada oliy qadriyat sifatida tan olingan.

2023-yil 30-aprelda referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan eng ko‘p o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham bevosita inson huquqlari tegishli bo‘lib, mamlakatimizda inson huquqlari ta’minlanishi va himoya qilinishining konstitutsiyaviy kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Akademik Akmal Saidov ta’kidlaganidek: “Agar dunyo mamlakatlari Konstitutsiyalarida insonning 110 dan ortiq huquqi qayd etilganini hisobga olsak, hozirgi kunda shundan 90 tasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mavjud”.

Dars jarayonidagi muhokamalarda o‘quvchilar ham faol ishtirok etishdi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi moddalarini sharhlashda zukkolik ko‘rsatishdi.

–  Maktabimizda Konstitutsiya va inson huquqlari bo‘yicha o‘quv darsini tashkil etgan “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati jamoasiga samimiy minnatdorlik bildiramiz, – deya ta’kidladi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilnoza Madaliyeva. – Bunday ma’rifiy tadbirlar o‘quvchilarning huquqiy bilimi va madaniyatini oshirishda katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, kelgusida yuridik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishni maqsad qilgan bitiruvchi sinf o‘quvchilarimiz uchun ushbu dars nihoyatda foydali bo‘ldi.

Tadbir yakunida Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazda nashr etilgan kitoblar hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnallari to‘plami maktab kutubxonasiga sovg‘a qilindi.

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari”

jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

Powered by GSpeech