Konstitutsiyamiz va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ta’lim olish huquqi mustahkamlangan

5-dekabrda Toshkent shahridagi “Erudite Education School” xususiy maktabida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-yilligi hamda 10-dekabr — Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ushbu maktab ma’muriyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan huquqiy-ma’rifiy tadbirda o‘qituvchi-pedagoglar jamoasi va 100 dan ortiq o‘quvchi qatnashdi.

Muloqot avvalida so‘zga chiqqan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimi Oybek Ahmadov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlangan ta’lim olish huquqining mohiyati hamda ahamiyati to‘g‘risida so‘z yuritdi.

O‘z navbatida, Milliy markaz mas’ul xodimi Dilnoza Rahmatjonova yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizga kiritilgan ta’lim sohasiga oid muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalarning ma’no-mazmuni, shuningdek, O‘zbekistonda ta’lim sohasini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar samaralari haqida to‘xtaldi.

Muloqot ishtirokchilariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 1948-yil 10-dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qilganligi va shu munosabat bilan har yili ayni sana butun dunyoda Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida nishonlanishi haqida batafsil ma’lumot berildi. Deklaratsiyaning mazmun-mohiyati va ahamiyati hamda O‘zbekiston milliy qonunchiligining shakllanishiga ta’siri masalalari atroflicha talqin etildi.

O‘quvchilar va pedagoglar Milliy markazning inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi o‘rni, xalqaro va milliy darajalarda o‘tkazgan yirik tadbirlari to‘g‘risidagi axborotni katta qiziqish bilan eshitdilar.

Tadbir ochiq muloqot va o‘zaro erkin fikr almashuv ruhida, o‘quvchi-yoshlarning faol ishtirokida o‘tdi. Yoshlar mavzuga doir savollariga batafsil javob oldilar.

Uchrashuv yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi nashr ettirgan 30 dan ortiq adabiyot maktab kutubxonasiga tuhfa etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech