9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh assambleyasining 2003 yil 21 noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004 yildan boshlab 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi.
Mazkur sanada Merida (Meksika) shahrida BMT tashabbusi bilan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro konvensiya imzolangan.
Bosh assambleya rezolyutsiyasiga ko‘ra, bu kunni belgilashdan maqsad korrupsiya muammosining tub mohiyatini tushunib yetish va korrupsiya bilan kurashish hamda uni oldini olishdan iborat.
O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi milliy model yaratilmoqda.
Bu boradagi islohotlar haqida so‘z yuritilganda, 2025 yilda davlat rahbari ishtirokida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishi o‘tkazilganini alohida qayd etish joiz.
Hududlarda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha barcha soha va tarmoqlarni qamrab oluvchi “Yo‘l xaritalari” tasdiqlandi. Davlat organlari va tashkilotlarida 11 ming 487 manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlanib, bartaraf etildi.
Manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha 85 ming nafardan ortiq davlat xizmatchilari o‘qitildi. Huquqiy eksperiment sifatida Sog‘liqni saqlash, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi vazirliklari hamda «O‘zbekneftgaz» va «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyatlarning ichki nazorat tuzilmalari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga o‘tkazildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha Mintaqaviy tadqiqot markazi tashkil etildi. Nodavlat notijorat tashkilotlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish mavzularida 3 milliard 761 million so‘mlik grantlar e’lon qilindi.
1 iyulga qadar 800 nafarga yaqin rahbar korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi bo‘yicha testdan o‘tkazildi. Davlat organlarida ochiqlik darajasini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi va Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi bo‘yicha reyting natijalari e’lon qilindi.
BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari konferensiyasining 11-yig‘ilishida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda korrupsiyaga qarshi siyosatda tashabbuskor davlat sifatida e’tirof etiladi.
Ochiqlik bo‘yicha Open Data reytingida O‘zbekiston 138 pog‘onaga ko‘tarilib, Markaziy Osiyoda birinchi jahonda 11-o‘rinni egalladi.
BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda Yevropa standartlariga asoslangan “Halol hokimiyat” loyihasi uchta tuman va shaharda sinov tarzida joriy etildi. O‘zbekiston rasman Osiyo va Tinch okeani davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbusi a’zoligiga qabul qilindi. O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengash tuzish to‘g‘risidagi bitimga qo‘shildi.
BMT tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ikkinchi bosqich obzori doirasida O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati o‘rganildi.
N.Abduraimova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский