YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Inson huquqlari uyiga texnik uskunalar va kitoblar topshirdi

10-dekabr kuni Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbir doirasida Inson huquqlari uyiga texnik uskunalar va kitoblar topshirildi. Ushbu jihozlarni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Antti Karttunen taqdim etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov elchi Antti Karttunen janoblariga Inson huquqlari uyini texnik va axborot jihatdan jihozlashga qo‘shgan hissasi uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi. YEXHT bilan samarali hamkorlik yurtimizda demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlari sohasidagi institutsional infratuzilmani yanada rivojlantirishga munosib ulush qo‘shib kelayotgani e’tirof etildi.

Mazkur tadbir xalqaro hamjamiyat uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir qator tarixiy sanalar — Xelsinki yakunlovchi hujjati qabul qilingan kun hamda YEXHT tashkil etilganining 50-yilligi bilan uyg‘un tarzda o‘tkazildi. Ushbu muhim sanalarni nishonlash orqali inson huquqlarining universalligi, xalqaro huquqiy tamoyillarning uzviyligi va xalqlar o‘rtasidagi ishonch hamkorlik orqali mustahkamlanishi yana bir bor eslandi.

Muloqot yakunida O‘zbekiston xalqaro sheriklar bilan birgalikda inson huquqlarini himoya qilish, barqaror taraqqiyotni ta’minlash va demokratik institutlarni mustahkamlash yo‘lida izchil ishlashga sodiqligi alohida ta’kidlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech