“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni egalariga topshirildi

Inson huquqlari uyida Xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining milliy va xalqaro hamkorlari, mamlakatimiz viloyatlari markazlaridagi kutubxonalar xodimlari, Milliy markazning Jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, xalqaro hamjamiyat tomonidan 1948-yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingani va ushbu xalqaro-huquqiy hujjatga dunyo ahli e’tiborini jalb qilish maqsadida 1950-yili BMT Bosh Assambleyasi qarori bilan 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni, deb e’lon qilinganini ta’kidladi. 

Ushbu xalqaro sananing 2025 yilgi mavzusi – Inson huquqlari – kundalik hayotimizning ajralmas qismi, deb nomlangan. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida mamlakatimizda har yili 1-10-dekabr kunlari “Inson huquqlari o‘n kunligi” o‘tkazib kelinmoqda.

BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili Akiko Fujii hamda Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi Antti Karttunen inson huquqlarini rivojlantirish yo‘lidagi samarali hamkorlik uchun minnatdorchilik izhor etdi. O‘zbekiston Hukumatining bu boradagi sa’y-harakatlari kelgusida ham izchil qo‘llab-quvvatlanishiga ishonch bildirdi.

Tadbir davomida Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi amaliy ishlari, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat tashkilotlardagi faoliyati, inson huquqlari sohasidagi ta’lim, fan va targ‘ibot hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun bir guruh fuqarolar, xalqaro tashkilotlar hamda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 

Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Jamoatchilik kengashining faol a’zolari va xalqaro hamkorlar Milliy markazning tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.

Ma’lumot uchun: “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni Prezidentimizning 2020-yil 22-iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni asosida, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan ta’sis etilgan. 

***

Tadbir doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. 

BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili Akiko Fujii va Milliy markaz direktori Akmal Saidov imzolagan memorandum qashshoqlik va tengsizlikka qarshi kurashishdan tortib, sifatli ta’limni ta’minlash, gender tenglikni rivojlantirish, barqaror institutlarni mustahkamlash, odil sudlovga teng va adolatli erishish kabi ustuvor yo‘nalishlarda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning aniq mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan.

Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbir doirasida Inson huquqlari uyiga texnik uskunalar va kitoblar topshirildi. Ushbu jihozlarni Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi Antti Karttunen taqdim etdi.

Norgul Abduraimova,

Nosirjon Haydarov (surat),

O‘zA

Powered by GSpeech