Sirdaryoda kitob taqdimoti o‘tkazildi

9-dekabr kuni Guliston davlat universitetida akademik A. Saidov va yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) K. Xudjamovaning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi: o‘quv qo‘llanma” kitobi taqdimoti bo‘ldi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Guliston davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu ma’rifiy-huquqiy tadbir Konstitutsiyamizning 33-yilligiga bag‘ishlandi.

Tadbirda Universitetning yuzdan ortiq talaba yoshlari, professor-o‘qituvchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ushbu o‘quv qo‘llanmada kasb-hunar kollejlari, texnikumlar va akademik litseylar o‘quvchilari uchun yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganish bo‘yicha zarur barcha o‘quv-metodik materiallar taqdim etilgan. Bu o‘rinda, jumladan, ma’ruzalar matni, mavzu mazmunini yorituvchi chizmalar, o‘quvchilar bilimini mustahkamlashga qaratilgan savollar, test topshiriqlari, mustaqil o‘qish uchun tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxati haqida so‘z bormoqda.

Taqdimotda Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Mahmudov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari – yuridik fanlar doktori O‘tkirbek Ochilov hamda yuridik fanlar nomzodi Farhod Hayitboyev, Ahrorbek Turdibekov, Hamidullo Mo‘minov ushbu o‘quv qo‘llanma bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

O‘quv qo‘llanmada yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mamlakatimiz strategik maqsadlarini ro‘yobga chiqarishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib berganligi va uni ishlab chiqishda o‘zbek davlatchiligi rivojlanishining boy tarixiy yo‘li, konstitutsiyaviy qurilishning zamonaviy g‘oyalari, xalqaro umume’tirof etilgan umuminsoniy tamoyillar hamda jahondagi ilg‘or konstitutsiyaviy tajriba hisobga olinganligi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Anjuman yakunida BMT va F. Ebert fondi hamda Milliy markaz tomonidan chop etilgan 250 dan ortiq yuridik adabiyotlar to‘plami Universitet  kutubxonasiga taqdim etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech