Huquqshunos olimlar yuridik ta’limdagi islohotlar bo‘yicha fikr almashdi

Toshkent davlat yuridik universitetida “Yuridik ta’limga yangicha yondashuv: huquqshunos olimlar nigohida” mavzusida ilmiy-amaliy muhokama o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar Assotsiatsiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti, Odil sudlov akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, Kriminologiya tadqiqot instituti va oliy ta’lim muassasalari vakillari, huquqshunos olimlar, soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar va yosh olimlar ishtirok etdi.

Tadbirda Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, yurtimizda yuridik ta’lim sifatini oshirish, yuridik ta’limning zamonaviy tamoyillari va ustuvor yo‘nalishlari, xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali huquqshunos kadrlarni tayyorlash jarayonini takomillashtirish, ta’lim — ilm-fan — amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish va ularni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, xalqaro tajriba asosida yuridik kadrlar tayyorlashning yangi mexanizmlarini belgilash masalalari muhokama qilinib, bu borada ko‘plab taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.

Mamlakatimizdagi huquqshunos olimlarni bir joyga jamlagan anjuman davomida yuridik ta’limda fundamental fanlarni o‘qitish, milliy huquqiy qadriyatlarni talabalarga yetkazish, yuridik ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, yuridik ta’lim va ilm-fanni muvofiqlashtirish borasida hamkorlikni kuchaytirish, yuridik ilm-fanning natijadorligini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ilmiy-amaliy muhokama yuridik ta’lim sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarni jadallashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalarni amaliyotga samarali tatbiq etish va huquqshunoslik sohasida xalqaro talablar darajasida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan muhim platformaga aylandi. Anjuman yurtimizda yuridik ta’limni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, huquqiy davlat barpo etish jarayoniga munosib hissa qo‘shadigan professional, intellektual salohiyatga ega yuridik kadrlar tayyorlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Tadbir davomida bildirilgan takliflar, fikrlar va amaliy tavsiyalar yuridik ta’limni modernizatsiya qilish, ilmiy faoliyatni kuchaytirish, ta’lim — ilm-fan — amaliyotning uzviy integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha aniq strategik yo‘nalishlar ishlab chiqilishiga xizmat qiladi.

 

Toshkent davlat yuridik universiteti

Powered by GSpeech