Islom hamkorlik tashkiloti doirasida yoshlar huquqlari va taraqqiyotiga bag‘ishlangan muhokamalar

14–18-dekabr kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligining Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyaning 26-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu sessiya IHT doirasida inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish, shu jumladan yoshlar huquqlariga oid masalalarni muhokama qilishga qaratilgan muhim xalqaro maydonga aylandi.

Sessiya doirasida “IHTga a’zo davlatlarda yoshlar taraqqiyoti: inson huquqlari nuqtayi nazaridan muammolar va imkoniyatlar” mavzusida yuqori darajadagi tematik muhokama tashkil etildi. Mazkur muhokama yoshlarning inson huquqlarini ta’minlash masalasini global va mintaqaviy chaqiriqlar nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqish, yoshlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va mas’uliyatini kuchaytirish, shuningdek, ularning salohiyatidan barqaror taraqqiyot yo‘lida samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlandi.

Muhokamalarda yoshlarning ta’lim olish huquqi, munosib mehnatga ega bo‘lish, ijtimoiy himoya, sog‘lom muhitda kamol topish, axborotdan foydalanish hamda qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish huquqlari inson huquqlarining ajralmas qismi sifatida yana bir bor e’tirof etildi. Shu bilan birga, yoshlarni radikallashuvdan himoya qilish, ularning huquqiy ongi va fuqarolik mas’uliyatini oshirish, tinchlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini yoshlar orasida keng targ‘ib etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

IHTning Islomiy davlatlar uchun statistik iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar hamda treninglar markazi (SESRIC) ma’lumotlariga ko‘ra, IHTga a’zo davlatlarda 15–24 yosh oralig‘idagi yoshlar soni 381 million nafardan ortiqni tashkil etib, bu raqam jahon yoshlari umumiy sonining taxminan 29 foiziga tengdir. Bunday katta demografik salohiyat IHT makonida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish uchun ulkan imkoniyatlarni yaratadi.

Shu bilan birga, mazkur demografik o‘sish inson huquqlari nuqtayi nazaridan qator tizimli va tarkibiy muammolarni ham yuzaga chiqarmoqda. Ayniqsa, ta’lim, bandlik va siyosiy ishtirok sohalarida mavjud nomutanosibliklar yoshlarning jamiyat hayotida to‘liq va samarali ishtirok etishiga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda.

IHTga a’zo davlatlar uchun umumiy bo‘lgan asosiy muammolar, jumladan:

  • yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasining yuqoriligi;

  • qaror qabul qilish institutlarida yoshlarning yetarli darajada ishtirok etmasligi;

  • zamonaviy texnologiyalar va raqamli infratuzilmalardan foydalanish imkoniyatlarining cheklangani;

  • ta’lim sohasida gender tengsizlik saqlanib qolayotgani;

  • qurolli mojarolar, majburiy ko‘chish va beqarorlikning yoshlar hayotiga salbiy ta’siri kabi omillardan iborat.

Bunday holatda yoshlarga oid masalalarga yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Xususan, “yoshlar muammolari” haqida so‘z yuritishdan – “yoshlar huquqlarini himoya qilish va ta’minlash”ga qaratilgan yondashuvga o‘tish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Sessiya doirasida mojarolardan keyingi davrda yoshlarni gumanitar tiklanish, jamiyatni yarashtirish, tinchlikparvarlik va barqaror rivojlanish jarayonlariga jalb etish masalalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Bu borada yoshlarni faol subyekt sifatida e’tirof etish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va inson huquqlariga asoslangan yondashuvlarni shakllantirish muhim vazifa sifatida belgilandi.

Mazkur tematik muhokamalarda O‘zbekiston Respublikasidan IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, professor Mirzatillo Tillaboyev ishtirok etdi.

Professor M.Tillaboyev o‘z chiqishlari va muloqotlarida O‘zbekistonda yoshlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtaldi. Xususan, milliy qonunchilikni xalqaro inson huquqlari standartlariga uyg‘unlashtirish, yoshlar siyosatida inson huquqlariga asoslangan yondashuvni mustahkamlash, milliy inson huquqlari institutlarining yoshlar bilan ishlashdagi o‘rni va mas’uliyati haqida batafsil fikrlarini bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston tajribasi misolida yoshlarning huquqiy ongini oshirish, ularni davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishga jalb qilish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali inson huquqlarini ilgari surish masalalari tematik muhokamaning muhim qismi sifatida ko‘tarildi.

Ishtirokchilar IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining 26-sessiyasi doirasida o‘tkazilgan mazkur tematik muhokama IHTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar, milliy inson huquqlari institutlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar o‘rtasida konstruktiv muloqotni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish hamda yoshlar huquqlarini ta’minlashga qaratilgan umumiy yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi, degan yakdil to‘xtamga keldilar.

Tematik muhokama natijalari asosida maxsus yakuniy hujjat qabul qilinib, unda yoshlar huquqlarini ilgari surish, institutsional hamkorlikni kuchaytirish va amaliy tavsiyalar aks ettirildi. Yakuniy hujjat matni IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinib, a’zo va kuzatuvchi davlatlarga elektron shaklda tarqatiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech