Toshkentda xalqaro inson huquqlari huquqi bo‘yicha “Qishki maktab” tadbiri o‘tkazildi

15–19-dekabr kunlari Toshkent shahrida Xalqaro yuristlar komissiyasi (International Commission of Jurists — ICJ) tomonidan xalqaro inson huquqlari huquqiga bag‘ishlangan “Qishki maktab” tadbiri o‘tkazildi. Tadbir Taraqqiyot strategiyasi markazi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy ofisi hamkorligida tashkil etildi.

“Qishki maktab”da mamlakatimizning turli hududlaridan sudyalar, advokatlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy institutlar xodimlari hamda akademik doira vakillari ishtirok etdi. Jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari mazkur o‘quv dasturida oflayn va onlayn tarzda qatnashdi.

 Dastur doirasida milliy amaliyotda xalqaro inson huquqlari huquqi va standartlarini qo‘llash masalalari, ayniqsa BMTning shartnoma organlari faoliyati va ularning tavsiyalaridan foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Bu jarayonda inson huquqlari bo‘yicha universal xalqaro shartnomalar, ularning BMT shartnoma organlari tomonidan talqin qilinishi hamda milliy darajada ushbu hujjatlar va Yakuniy tavsiyalarning qo‘llanilishini yoritishga alohida e’tibor qaratildi.

Mashg‘ulotlar ICJ ekspertlari, shuningdek BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi va Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari bo‘yicha qo‘mita a’zolari tomonidan olib borildi. Bu, o‘z navbatida, ishtirokchilarga davlatlarning xalqaro inson huquqlari majburiyatlari ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi mutaxassislar bilan bevosita muloqot qilishi imkonini berdi.

Sud hokimiyati mustaqilligi, adolatli sudlov huquqi, kamsitilmaslik, qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani taqiqlash kabi fuqarolik va siyosiy huquqlar, shuningdek ta’lim, sog‘liqni saqlash va munosib uy-joyga bo‘lgan huquqlar kabi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar ham batafsil ko‘rib chiqildi. Ayollar, bolalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining mohiyati va ahamiyati chuqur tahlil etildi.

“Qishki maktab” dasturi 19-dekabr kuni milliy sud jarayonlarini modellashtirish bo‘yicha “moot court”, ya’ni sahnalashtirilgan yuridik mashg‘ulot bilan yakunlandi. Ishtirokchilar fikricha, ushbu mashg‘ulot ishtirokchilarning xalqaro standartlarni aniqlash va ularni milliy darajadagi sud amaliyotida qo‘llash ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech