BASKETBOL – SALOMATLIK, DO‘STLIK VA BIRDAMLIK RAMZI
21-dekabr – Butunjahon basketbol kuni
1891-yil 21-dekabr... Asli kanadalik bo‘lgan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Jeyms Neysmit o‘zi mehnat qiladigan AQSHning Massachusets shtati Springfild shahridagi kollej talabalari qishda shug‘ullanishlari uchun yangi o‘yin o‘ylab topdi. O‘yin qoidalari oddiy edi: yuqorida joylashgan savatga to‘pni qo‘l bilan otib tushirish kerak. Basketbol (inglizcha “basket” – “savat”, “ball” – “to‘p”) deb nomlangan bu o‘yin bugungi kunda millionlab insonlar qalbini zabt etgan ulkan sport turiga aylandi.
Oradan 132-yil o‘tib, 2023-yil 25-avgustda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiya qabul qilib, basketbol o‘yini o‘ylab topilgan sana 21-dekabrni Butunjahon basketbol kuni deb e’lon qildi. Bu orqali BMT sportning, xususan, basketbolning tinchlik, taraqqiyot, inson huquqlari, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashdagi rolini e’tirof etdi. Rezolyutsiyada barcha davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati vakillari ushbu kunni turli tadbirlar, targ‘ibot ishlari, ommaviy o‘yinlar va ta’limiy loyihalar orqali nishonlashga chaqirilgan. Maqsad – har bir insonga basketbol orqali sog‘lom hayot, hamjihatlik va hurmat g‘oyasini yetkazishdir.
Aholi orasida basketbol sportini ommalashtirish Barqaror rivojlanish maqsadlariga ham muvofiq keladi. Masalan, mashg‘ulotlar bilan muntazam shug‘ullanish insonda jismoniy faollikni oshiradi, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi va asabiylikni kamaytiradi. Bu, o‘z navbatida, Barqaror rivojlanishning 3-maqsadi – insonlarning salomatligi va farovonligini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga hissa qo‘shadi. Basketbol insonda jamoaviy o‘yin, intizom, vaqtni boshqarish va rahbarlik ko‘nikmalarini shakllantirgani uchun ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya fani doirasida o‘rgatiladi. Shu tariqa Barqaror rivojlanishning 4-maqsadi – insonlarning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashadi. Basketbol bilan erkaklar va ayollar birdek shug‘ullanish imkoniga ega ekanliklari esa Barqaror rivojlanishning 5-maqsadi – gender tenglikka erishishda muhim ahamiyatga ega.
Xalqaro basketbol uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab yuz millionlab odamlar basketbol o‘ynaydi. 1936-yildan beri basketbol Olimpiya o‘yinlarining doimiy qismi hisoblanadi. Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyoda yirik chempionatlar o‘tkaziladi, Afrika qit’asida ham maxsus liga yo‘lga qo‘yilgan. Shunga qaramay, basketbolning asl kuchi faqat katta arenalarda emas, balki mahalla maydonchalarida, maktab sport zallarida va hovlilarda o‘ynalayotgan oddiy o‘yinlarda namoyon bo‘ladi.
Basketbol ayollar o‘rtasida ham ommalashgan sport turidir. 1976-yilda o‘tkazilgan Monreal Olimpiadasida ilk bor ayollar basketboli Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan. Bugungi kunda ayollar yirik musobaqalarda qatnashmoqda, ko‘plab qizlar basketbol orqali sog‘lom hayot tarzini tanlamoqda va katta marralarni ko‘zlamoqda. Bu esa ayollar va erkaklar tengligi g‘oyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston tajribasiga nazar tashlasak, basketbol bizning yurtimizda ham yoshlar tarbiyasi va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim o‘rin egallayotganini ko‘ramiz. O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoasi Osiyo kubogi hamda ko‘plab xalqaro musobaqalarda muntazam ishtirok etib keladi. Erishilgan natijalar yildan yilga yaxshilanib bormoqda. Masalan, basketbolning 3x3 turi bo‘yicha 2017-yilda Ashxobodda o‘tkazilgan qit’a musobaqasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi kumush medalni qo‘lga kiritgan.
Mamlakatimizda ham Butunjahon basketbol kuni keng nishonlanadi. Sport maktablari, universitetlar, davlat va nodavlat tashkilotlarda ushbu xalqaro sana munosabati bilan basketbol bo‘yicha o‘rtoqlik o‘yinlari yoki kichik musobaqalar tashkil etiladi.
Albatta, Butunjahon basketbol kuni, avvalo, basketbolning insonlar hayotidagi ijobiy ta’sirini eslatib turadi. Basketbol – bu shunchaki to‘pni halqaga tashlash emas, u insonga do‘stlik, birdamlik va hurmatni o‘rgatuvchi katta maktabdir. Bitta maydonda turli millat, til va din vakillari yonma-yon o‘ynab, bir maqsadda jamoasining g‘alabasi uchun harakat qiladi. Shu jarayonda ular bir-birini, eng avvalo, inson sifatida hurmat qilishni o‘rganadi.
Basketbol afsonasi Maykl Jordan shunday degan edi: “Men mag‘lubiyatni qabul qila olaman, chunki har kim nimadadir yutqazadi. Ammo urinib ko‘rmaslikni qabul qila olmayman”. Bu so‘zlar basketbolda ham, hayotda ham eng muhimi natija emas, balki intilish ekanini eslatadi. Butunjahon basketbol kuni yoshlarni o‘z maqsadiga erishish uchun qo‘rqmasdan urinib ko‘rish kerakligiga undaydi.
Maydonda berilgan har bir uzatma, halqaga tushgan har bir to‘p va o‘yin oxirida qo‘l siqib xayrlashish – bularning barchasi yanada tinch, do‘stona va adolatli kelajak sari kichik bo‘lsa-da, muhim qadamdir. Shu bois, 21-dekabr – Butunjahon basketbol kuni bizga basketbolni sevish bilan birga yaxshiroq kelajak uchun o‘z hissamizni qo‘shish zarurligini ham eslatib turadi.
Nazira YUNUSOVA,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali mutaxassisi
Ўзбекча
English
Русский