Bolalarga nisbatan Internetdan foydalanib uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Bunday norma 18-19-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi  yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan hamda ma’qullangan “Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda ko‘zda tutilgan.

Senat yalpi majlisida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsiyaviy hamda huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish, ularni jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilish, jinoyat protsessida guvoh sifatida jalb etishning aniq mexanizmlarini belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.

Ushbu qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bolalarga nisbatan Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. 

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishning bir kun mobaynidagi umumiy davomiyligini hamda ularni so‘roq qilish jarayonida qonuniy vakillarning ishtirok etishi tartibini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonun jinoyatlarning oldini olishga, sodir etilgan jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga, shuningdek, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Senatning Axborot xizmati ma’lum qilishicha, o‘n ikkinchi  yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 26 ta masala, shu jumladan, 19 ta qonun ko‘rib chiqilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech