Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi
Prezident farmoni bilan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi. Unda belgilanishicha, 2026 yil 1 fevraldan boshlab, zo‘ravonlik oqibatida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Farmonda qayd etilishicha, professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida o‘qitiladi.
Zo‘ravonlik oqibatida oilasidan olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilaga «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari va mazkur oilalar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi.
Professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida mablag‘ to‘lab boriladi.
Dastlab Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida, 2026 yil yakuniga qadar respublikaning boshqa hududlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida kichik hajmli ijtimoiy ko‘mak markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yil 1 sentabrdan boshlab, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga va zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga ular tegishli protsessual xatti-harakatlarga jalb etilgan vaqtdan e’tiboran davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi;
Mulkchilik shaklidan qat’i nazar ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish tashkilotlari xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq aniqlangan faktlar haqida xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.
Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi va Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tugatiladi. Davlat muassasasi shaklida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiya markazi hamda uning Samarqand, Farg‘ona, Xorazm va Buxoro viloyatlarida mintaqaviy bo‘linmalari tashkil etiladi.
2026 yil 1 martdan boshlab «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslari) uchun «mehrli oila» xizmati tashkil etiladi.
«Mehrli oila» xizmatiga jalb qilingan ota-onalarga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) farzandlarining psixofizik xususiyatlarini inobatga olgan holda oilasi bilan buzilgan munosabatlarni tiklash va ularning ijtimoiylashuviga ko‘maklashish uchun «oilaviy terapiya» xizmatlari bepul ko‘rsatiladi.
Kun.uz
Ўзбекча
English
Русский