Yangi O‘zbekiston: Inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi
10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni
Inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash har qanday huquqiy demokratik davlatning asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Jahon hamjamiyati tomonidan har yili 10-dekabr kuni nishonlanadigan Xalqaro inson huquqlari kuni mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish, inson huquqlariga hurmatni yanada mustahkamlash hamda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda inson huquqlarini ta’minlash masalasi davlat siyosatida ustuvor ahamiyat kasb etib, qonun ustuvorligi, adolat va fuqarolar manfaatlarini himoya qilish bilan uzviy bog‘liqdir. Shu nuqtayi nazardan, Inson huquqlari kuni nafaqat tarixiy sana, balki inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni tahlil qilish uchun muhim platforma hamdir.
Ayni xalqaro sana ta’sis etilishining xalqaro-huquqiy asoslariga keladigan bo‘lsak, 1948-yil 10-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. Mazkur hujjat inson huquqlari sohasidagi universal standartlarni belgilab bergan asosiy xalqaro hujjat hisoblanadi.
Ushbu Deklaratsiya keyinchalik qabul qilingan ko‘plab xalqaro konvensiyalar va milliy qonunchilik tizimlari uchun asos bo‘lib xizmat qildi. O‘z navbatida, 10-dekabr sanasi inson huquqlarini himoya qilish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtiruvchi ramziy kun sifatida e’tirof etildi.
Inson huquqlari – har bir davlatning demokratik taraqqiyoti darajasini ko‘rsatuvchi muhim mezondir. Shu bois, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin qo‘shilgan birinchi xalqaro-huquqiy hujjat bo‘ldi. Zero, mazkur hujjatda irqi, jinsi, tili, dini, siyosiy qarashlari, mol-mulki yoki boshqa holatidan qat’i nazar, har bir insonning yashash huquqi, so‘z va e’tiqod erkinligi, tinchlikka bo‘lgan huquqlari mustahkamlab qo‘yilgan.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydigan milliy qonunchilik me’yorlarida o‘z ifodasini topgan. Bugungi kungacha O‘zbekiston tomonidan inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi 80 dan ortiq xalqaro hujjat ratifikatsiya qilindi.
Konstitutsiyamizga muvofiq, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadi. Inson huquq va erkinliklarini ta’minlashni davlat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda:
-
sud-huquq tizimini isloh qilish;
-
fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirish;
-
inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini kuchaytirish;
-
ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu chora-tadbirlar inson huquqlarini amalda ta’minlash, fuqarolarning qonunga va davlat institutlariga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qilmoqda.
Inson huquqlari kunining bugungi ahamiyati globallashuv, raqamlashuv, va ijtimoiy o‘zgarishlar sharoitida inson huquqlarini himoya qilish masalalari yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunda, ayniqsa, axborot xavfsizligi, tenglik, ijtimoiy himoya va kamsitishga qarshi kurash inson huquqlari sohasidagi ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanishini ta’kidlash juda muhim.
Dilnoza MURATOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktorining o‘rinbosari
Ўзбекча
English
Русский