Inson huquqlari sohasida qanday ishlar amalga oshiriladi?
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida eng ustuvor islohotlar qamrab olingan.
Islohotlar dasturlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmiga ega va ayrim tashabbuslar bo‘yicha alohida hujjat qabul qilish talab etilmaydi. Har bir islohotlar dasturining ijrosi uchun shaxsan javobgar bo‘lgan mas’ul rahbar va muvofiqlashtiruvchi davlat tashkiloti belgilandi.
Dastur bilan 337 banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Joriy yilda sohalar kesimida eng muhim 59 normativ-huquqiy hujjat loyihasi va eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
“O‘zbekiston - 2030” strategiyasi doirasida 2026-yil davomida ishlab chiqiladigan strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalari ro‘yxatining 4-bandida “Inson huquqlari - 2030” strategiyasini ishlab chiqish belgilangan.
Davlat dasturi bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasining 266-bandida esa Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumini o‘tkazish ko‘zda tutildi.
Shuni ham qayd etish kerakki, navbatdagi Samarqand forumi BMTning 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan ikkita asosiy hujjati – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60 yilligi, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30 yilligiga bag‘ishlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lumot uchun: Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi 2018-yildan boshlab an’anaviy tarzda har ikki yilda tashkiliy jihatdan yuqori saviyada o‘tkazib kelinmoqda. Forum tashkilotchilari – Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, shuningdek, Samarqand viloyati hokimligi hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020-yil 9-oktabrda “Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi konsepsiyasi va inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumini o‘tkazish reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan. Bu hujjat Prezidentning 2020-yil 22-iyundagi "Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.
Samarqand forumida inson huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba almashiladi. O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida erishgan yutuqlari va tashabbuslari muhokama qilinadi. Mamlakatning xalqaro obro‘-e’tiborini mustahkamlash, xalqaro hamjamiyatning inson huquqlariga rioya etilishida sa’y-harakat va imkoniyatlarini birlashtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar huquqlari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan.
N.Abduraimova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский