Yangi kitoblar taqdimoti
25-fevral kuni poytaxtimizdagi Inson huquqlari uyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi G‘ulom Mirzoning Uyushma homiyligida chop etilgan “Ey, Oy!” nomli saylanma va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan chiqarilgan “О, Луна!” she’rlar kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, dastavval, O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 15-yanvarda imzolangan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mohiyati va ahamiyati haqida to‘xtaldi. Ushbu huquqiy hujjatdan ko‘zlangan asosiy maqsad 2026 – 2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasini oshirishdan iborat ekani hamda yurtimizda 1 odam o‘qiydigan kitob sonini yiliga o‘rtacha 10 ta kitobga yetkazish vazifa etib belgilangani ta’kidlandi.
Qarorga muvofiq, barcha vazirlik va idoralarda “Kitob burchagi” tashkil etilib, xodimlar uchun har oyda “Kitob o‘qish soati” yo‘lga qo‘yilmoqda, chunki kitob mutolaasida gap ko‘p. Sharqda va G‘arbda insoniyatni yuksak taraqqiyot sari boshlagan Renessanslarning barchasi kitob yozish va tarqatish, kutubxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, turli tillardan turfa asarlarni tarjima qilish hamda o‘qish va o‘rganishdek qamrovdor ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga tayangan.
Taqdimotda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi raisi Tal’at Muradov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Ey, Oy!” saylanma kitobining mas’ul muharriri, shoir Shodi Otamurod, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “O, Луна!” she’riy kitobining tarjimoni, shoir va tarjimon Rifat Gumerov so‘zga chiqdi. Yangi kitoblar yurtdoshlarimizning kitobga mehrini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Akmal Saidov Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Milliy markazning 40 ta va O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasiga 60 dan ortiq kitobi hamda tegishli sertifikatlarni topshirdi.
Ўзбекча
English
Русский