Yangi O‘zbekistonda ayollar va bolalar huquqlari ishonchli ta’minlanadi

Mamlakatimizda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli ta’minlash, ularni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda jamiyatda bunday holatlarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirilgan holda samarali yo‘lga qo‘yish borasida yangi va muhim qadam qo‘yildi. Kuni kecha, 2026-yil 3-martda  “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonning asosiy maqsadlari:

birinchidan, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish holatlarining (erta nikoh) oldini olishga erishish, ota-onalarning o‘z voyaga yetmagan farzandlari uchun mas’uliyatini yanada oshirish;

ikkinchidan, moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lgan yoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni rag‘batlantirish;

uchinchidan, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish orqali ularning sonini keskin qisqartirish, shuningdek, bunday holatga uchragan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish;

to‘rtinchidan, oila va xotin-qizlar maskanlarida nikohlanuvchilarni “maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus kurslarida bepul o‘qitish bilan qamrab olish darajasini 2026-yilda 50 foizga, 2027-yilda 60 foizga va 2030-yilda 100 foizga yetkazish hamda ushbu kurslar sifati va ta’sirchanligini tubdan oshirishdan iborat.

Farmonda erta turmush qurish holatlarining oldini olishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilab berildi. Vakolatli organ va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirilgan holda tashkil etish hamda idoralararo hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha tegishli vazifalar ko‘zda tutildi.

Farmon bilan O‘zbekiston qonunchiligiga xalqaro tajribadagi yangi atamalar kirib kelmoqda. Gap shundaki, mutasaddi tashkilotlarga quyidagi holatlar, ya’ni:

  • Femitsid — ayolni aynan jinsi sababli qasddan o‘ldirish;

  • Stalking — shaxsni uning erkiga qarshi ravishda noqonuniy ta’qib qilish;

  • Kiberzo‘ravonlik — internet yoki ijtimoiy tarmoqlardagi tahdid va tazyiqlar uchun javobgarlik belgilash topshirildi.

 

Shuningdek, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga qarshi kurashishning aniq mexanizmlari va amaliy choralari belgilandi. Jumladan, 2026-yil 1-apreldan boshlab himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga, ya’ni telefon, planshet va boshqa qurilmalariga Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi (“SOS” chaqiruv) “my.ihma.uz” mobil ilovasi ularning roziligi bilan o‘rnatiladi.

Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat qilish uchun aniq topshiriqlar berildi. Shu maqsadda Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

 

 Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech