Qiynoqqa qarshi kurashish mavzusidagi o‘quv kursi Toshkent viloyatida o‘tkazilmoqda

12-mart kuni Toshkent viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi boshlandi. Ikki kunlik tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Bosh prokuratura, Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

Inson huquqlari sohasidagi mashg‘ulotlar O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hamda 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

O‘quv kursida viloyat sudi, prokuraturasi, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan jami 76 nafar xodim tinglovchi sifatida ishtirok etmoqda. Tadbirda asosiy e’tibor BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, tinglovchilarning qiynoqqa solishga qarshi kurashish sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilmoqda.

Dastlab Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov videomurojaatlari namoyish etildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazolarni butunlay istisno qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston BMTning Qiynoqqa qarshi konvensiyasiga qo‘shilgani va uning talablarini bajarish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar ko‘rayotgani alohida qayd etildi. Shu bilan birga, ichki ishlar, prokuratura va sud organlarida xodimlar uchun muntazam o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilib, jazoni ijro etish muassasalarida esa jamoatchilik va ombudsman monitoringlari kengaytirildi.

So‘zga chiqqanlar, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi orqali huquqiy madaniyatni yuksaltirish, davlat idoralarida ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, qiynoq holatlarini mutlaqo istisno qilish kabi vazifalar Milliy strategiyaning asosiy yo‘nalishlari ekaniga alohida urg‘u berdilar.

O‘quv kursining birinchi kunida ishtirokchilar qator ma’ruzalarni tingladi. Xususan, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati haqida atroflicha to‘xtaldi.

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti boshlig‘i Alimjan Matchanov qiynoqqa solishga qarshi kurashishda voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar, shuningdek, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, qiynoq to‘g‘risida xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanilishi mavzularida so‘z yuritdi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kafedra boshlig‘i Luqmonjon Isoqov qiynoq bilan bog‘liq qilmishlarning oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi haqida ma’ruza qildi.

Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Nosirjon Rasulov qiynoqqa oid ishlar yuzasidan sud amaliyoti to‘g‘risida fikr bildirdi.

Birinchi kun doirasida amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. Ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda turli keyslar ustida ishladilar va qiynoq holatlarini aniqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirdilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech