O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning Ayollar maqomi bo‘yicha komissiyasi sessiyasi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etdi

Ilgari xabar berganimizdek, O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMT Ayollar maqomi bo‘yicha komissiyasining 70-yubiley sessiyasida ishtirok etmoqda. Uning doirasida delatsiya aʼzolari bir qator yuqori darajadagi xalqaro tadbirlarda qatnashdi.

Jumladan, vazirlar darajasidagi “Barcha ayollar va qizlar uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini taʼminlash va mustahkamlash” mavzusidagi davra suhbati hamda “Tizimdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish: barcha ayollar va qizlar uchun odil sudlovni taʼminlash” mavzusida interaktiv muloqot davomida delegatsiya aʼzolari O‘zbekistonda xotin-qizlarning odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish va sud tizimida gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning natijalari bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, delegatsiya aʼzolari sessiya doirasida o‘tkazilgan yalpi majlislar, tematik muhokamalar va turli xalqaro uchrashuvlarda ishtirok etib, O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.

Shu bilan birga, tashrif doirasida bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Jumladan, Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi bilan mazmunli muloqot bo‘lib o‘tdi. Xususan, ikki mamlakat o‘rtasida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni taʼminlash, ayollarning iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirish, shuningdek, oila institutini mustahkamlash borasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Uchrashuv yakunida kelgusida ham hamkorlikni yana-da rivojlantirish, tajriba almashish hamda qo‘shma tadbirlar tashkil etishni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

 

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech