Qaysi qarorlar adolatli, qaysilari odamlarga manfaat keltirmayotgani bo‘yicha doimiy monitoring o‘tkaziladi

Prezidentimiz bugun ijtimoiy-sotsiologik tadqiqot natijalari davlat siyosati va islohotlarining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berishi kerakligini ta’kidladi. Shu bois, sotsiologiya fan sifatida qayta tiklandi, oliygohlarda sotsiologlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur ishlarning mantiqiy davomi sifatida ijtimoiy-sotsiologik tadqiqotlar ko‘lami va sifati oshiriladi.

Endilikda bir martalik so‘rovlar emas, balki qayerda ishonch ortayotgani, qayerda zaiflashgani, qaysi qarorlar adolatli, qaysilari odamlarga manfaat keltirmayotgani bo‘yicha doimiy ravishda monitoring va tahlillar o‘tkaziladi.

Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga hudud va tarmoqlar rahbarlari reytingi metodologiyasini ishlab chiqib, tahlillar asosida reytingni shakllantirish va muntazam ravishda Prezidentga kiritib borish topshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektorda ijro intizomi masalalari ham ko‘rib chiqildi. Berilgan har bir topshiriqning real ijro holati bo‘yicha kundalik nazorat o‘rnatish, mas’uliyatni his qilmagan, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlar bo‘yicha tanqidiy, ochiq va xolis axborot kiritib borish vazifasi qo‘yildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibining rasmiy kanali

Powered by GSpeech