Fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vo arizasi kiritishda qaysi taraf joylashgan yerdagi sudga murojaat qilish kerak?
Huquqiy munosabat
Mazkur savolga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinika uslubchisi Aygerim Aripbayeva quyidagicha javob berdi:
–Fuqarolik protsessual kodeksining 33-moddasiga muvofiq, arizalar javobgar doimiy yashab turgan yoki doimiy mashg‘ul bo‘lgan joydagi sudga beriladi.

Tashkilotlarga nisbatan arizalar ular davlat ro‘yxatidan o‘tgan joydagi sudga beriladi. Demak, fuqaro da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilsa, u javobgar, ya’ni ikkinchi tomonning joylashgan yoki ro‘yxatga olingan joyidagi fuqarolik sudiga murojaat qilishi zarur.
Fuqarolik protsessual kodeksining 36-moddasiga muvofiq, taraflar o‘zaro kelishib, muayyan ish uchun hududiy sudlovga tegishlilikni o‘zgartirishi mumkin.
Ushbu kodeksning 35-moddasida belgilangan sudlovga tegishlilik taraflar kelishuvi bo‘yicha o‘zgartirilishi mumkin emas. Yuqoridagi normaga ko‘ra, da’vogar va javobgar birgalikda kelishib, sud bo‘ladigan hududni o‘z xohishlariga ko‘ra belgilashlari mumkin.
Agar taraflarning sudda oflayn tarzda ishtirok etishi iloji bo‘lmasa, ular sudda onlayn tarzda ishtirok etish huquqiga egalar.
Fuqarolik protsessual kodeksining 209-moddasiga muvofiq, sudlarda videokonferensaloqani amalga oshirishning texnik imkoniyati bo‘lgan taqdirda, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar sudning videokonferensaloqa rejimidagi majlisida bu haqda o‘zlari iltimosnoma berganda yoki sudning tashabbusiga ko‘ra ishtirok etishi mumkin.
Ko‘rsatilgan shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishi to‘g‘risida sud ajrim chiqaradi. Ajrimning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslar, odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashayotgan shaxslarga va o‘z ko‘magida ushbu shaxslar bunday majlisda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan tegishli sudga yuboriladi. Demak, fuqarolar tegishli sudga ariza berish orqali sud majlisida onlayn tarzda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский