Toshkent viloyatida qiynoqqa qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kursi yakunlandi
13-mart kuni Toshkent viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi o‘z ishini davom ettirdi. Mashg‘ulotlarda viloyat sudi, prokuraturasi, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan jami 76 nafar xodim tinglovchi sifatida ishtirok etdi.
Kursning ikkinchi kuni Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi dotsenti Quvonch Qodirov “Nelson Mandela qoidalari”ning mazmun-mohiyati haqida ma’ruza qildi.
O‘z navbatida, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Yuridik fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Doston Eshqulov ushlab turish va qamoqqa olish jarayonlariga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari hamda qiynoq jinoyati uchun javobgarlik masalalari yuzasidan chiqish qildi.
Bundan tashqari, xalqaro ekspert Azamat Shambilov “Yangilangan Nelson Mandela qoidalari” mavzusidagi onlayn ma’ruzasini taqdim etdi.
Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Farhod Hayitboyev O‘zbekistonning qiynoqlarga qarshi xalqaro majburiyatlari yo‘nalishdagi barcha ishlar mamlakatimizda inson huquqlari sohasida qabul qilingan Milliy ta’lim dasturi bilan uzviy bog‘liq ekanini ta’kidladi. Mazkur dastur orqali huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasini oshirish, ularda qiynoq holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish hamda inson huquqlarini himoya qilish madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Kurs davomida nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirildi. O‘quv kursi yakunida tinglovchilar bilimlarini baholash maqsadida test sinovidan o‘tdilar. Imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Ikki kunlik tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Bosh prokuratura, Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hamda 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Inson huquqlari sohasidagi bunday malaka oshirish tadbirlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qiynoq va inson qadrini kamsituvchi har qanday muomalaga barham berish bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni yanada samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский