Murojaatlar bilan ishlashning takomillashtirilgan yangi tizimi haqida muloqotlar o‘tkazildi

Shu yil 16-19-mart kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi mas’ul xodimlari Buxoro viloyati G‘ijduvon va Kogon tumanlarida aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslar  murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Otabek Norboyev ma’lum qilishicha, ushbu jonli muloqotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 10-dekabrdagi  qarori bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risida”gi Nizom talablari va Milliy markazning 2026 yilgi ish rejasi doirasida tashkil etildi.

Uchrashuvlar, xususan, G‘ijduvon tumani hokimligi, prokuratura, adliya bo‘limi, kadastr agentligi, qishloq xo‘jaligi bo‘limi, arxitektora va Davlat xizmatlari markazi xodimlari bilan hamkorlikda tuman prokuraturasi binosida bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, “Uba-cho‘li”, “Niyozpoyon”, “Geofizika” hamda “O‘zbekiston” mahallalarida, shuningdek, Kogon tumani hokimligi, prokuraturasi, adliya va qishloq xo‘jaligi bo‘limlari, kadastr agentligi, arxitektura hamda Davlat xizmatlari markazi xodimlari bilan hamkorlikda adliya bo‘limi binosida, “Baxovuddin Naqshband”, “Beklar”, “Niyozhoji”, “Nurafshon”, “Tutkunda”, “Xo‘ja Yakshanba” va “Mustaqillik” mahallalarida o‘tkazildi.

Muloqotlarda mahalliy, hududiy idoralar vakillari va mas’ul xodimlari hamda 85 nafardan ortiq fuqaro qatnashdi.

Uchrashuvlarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikning mohiyati hamda ahamiyati haqida, shuningdek, yaqindagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan dolzarb masala va mutasaddi rahbarlarga berilgan topshiriqlar borasida so‘z yuritildi.

Fuqarolarga murojaatlar bilan ishlashga doir qonun hujjatlari ijrosini ta’minlashga va nazorat qilishga mas’ul idoralar, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati bo‘yicha tushunchalar berildi.

Shundan so‘ng, fuqarolar bilan sayyor qabul tashkil etildi. Sayyor qabul jarayonida bir guruh fuqarolarning turli masalalar yuzasidan murojaatlari tinglandi va ularga huquqiy maslahatlar berildi. 

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech