“DEMOKRATLASHTIRISH VA INSON HUQUQLARI” JURNALI TAQDIMOTI

Bugungi kunda Prezidentimiz Sh. M. Mirziyoyev rahbarligida barpo etilayotgan Yangi O‘zbekistonda inson qadri va xalq manfaatlari ustuvor bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz va xalqimiz oldidagi bunday ulug‘ maqsadga erishish uchun jamiyatimizda inson huquqlari ta’minlanishini yanada mustahkamlash, aholining bu boradagi huquqiy bilimini oshirish g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali ayni shu dolzarb maqsadga erishish, inson huquqlarini himoya qilish va qonuniy kafolatlash borasidagi milliy amaliyot hamda xorijiy tajribani yoritishga ixtisoslashgan. Jurnal o‘zbek, rus va ingliz tilidagi dolzarb ilmiy hamda ma’rifiy maqolalarni yurtimizda va xalqaro miqyosda yoritib kelmoqda.

Shuningdek, u Oliy attestatsiya komissiyasining siyosiy fanlar, huquqshunoslik, falsafa, tarix, islomshunoslik va sotsiologiya fanlari bo‘yicha dissertatsiya asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan (Xalqaro identifikatsiya raqami (doi®): 10.34920/p1696-2206-6326-y).

Jurnal tahririyatining ijodiy jamoasi 2024-yilda “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning “Inson huquqlari va ijtimoiy hayotimiz bilan bog‘liq dolzarb mavzulardagi materiallari uchun” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan.

Joriy yil 30-mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining 2026-yil – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yiliga bag‘ishlangan navbatdagi soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi vakillari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining doktorant, magistrant va mustaqil tadqiqotchilari, mamlakatimizdagi huquq-tartibot idoralari xodimlari ishtirok etdi. Taqdimotda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining Tahrir kengashi a’zolari, jurnalning mazkur sonida maqolasi nashr etilgan tadqiqotchilar va huquqiy mavzularni yoritishga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari vakillari ham qatnashdi.

Anjumanni “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali Tahrir kengashining raisi, akademik Akmal Saidov ochar ekan, mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan ilmiy-huquqiy jurnallarning o‘rni va ahamiyati haqida to‘xtaldi. Bu borada “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali yurtimizdagi yetakchi ilmiy-ma’rifiy jurnallardan biri ekanini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori Nigina Rahimova “Davlat va jamiyat qurilishi strategiyasiga yangicha qarash: mahalla – birdamlik, ishonch va hamjihatlikning noyob instituti” mavzusida ma’ruza qildi.

Ma’ruzada mahalla mamlakatimizda ijtimoiy hayotning muhim instituti hamda zamonaviy davlat va jamiyat qurilishining asosiy tarkibiy qismi ekani, olib borilayotgan sotsiologik tadqiqotlar mahalla faoliyati mexanizmlari, unda aholining ishtiroki darajasi va insonlarni tashvishga solayotgan masalalarni tushunishga imkon berishiga e’tibor qaratildi. Joriy yilga yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nom berilishi islohotlarni mahalla darajasida yanada samarali amalga oshirishga hissa qo‘shishi haqida mulohaza yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi  Abdulhakim Eshmuratovning ma’ruzasi ham tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ma’ruzachi qayd etganidek, mamlakatimizdagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy vazifalarni hal qilishda Oliy Majlisning rolini oshirish, umuman, kuchli milliy parlamentni barpo etish Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan qamrovdor islohotlarda doim muhim o‘rin egallab kelmoqda.

Bugungi kunda Senatda qonunlarni muhokama qilishning barcha bosqichlarida mahalliy Kengashlar deputatlari faol ishtirok etmoqda. Muammoli masalalarni hal qilishda “Mahalla yettiligi – Kengash – Senat” tamoyiliga asoslangan uch bosqichli samarali mexanizm joriy etilgan.

 

Jurnalning 2026-yildagi birinchi sonida maqola nashr etgan mualliflar ham o‘z maqolalari mavzusi doirasida ma’ruza qildilar. Jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Fozil Nazarov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mustaqil izlanuvchisi Nodirbek Sultonov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi Feruzabonu Qayimova, Toshkent davlat yuridik universiteti magistranti Asilbek Mirjalilovning ma’ruzalari tinglandi.

Har bir ilmiy ma’ruzadan so‘ng muhokama va savol-javoblar o‘tkazildi.

Ilmiy tadqiqotchilarni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ushbu ma’rifiy tadbir mamlakatimizning turli hududlaridagi oliy ta’lim muassasalarida yuridik sohada tadqiqot olib borayotgan izlanuvchilarning o‘zaro fikr va tajriba almashishlari uchun o‘ziga xos muloqot maydoni vazifasini bajardi.

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari”

jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

Powered by GSpeech