Avtomobil boshqarish huquqi boshqaga berilganda, qoidabuzarlik uchun kim javobgar bo‘ladi?
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-martdagi 125-sonli qaroridan bu kabi savollarga aniq huquqiy yechimlar topish mumkin. Binobarin, qaror bilan transport vositalarini boshqarish huquqini olgan shaxslarga yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun javobgarlik o‘tkazilgani haqida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini xabardor qilish tartibi belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan tegishli transportni fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida boshqarish hamda ulardan foydalanish huquqini olgan shaxslarga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik o‘tkazilgani haqida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini xabardor qilish imkoniyati yaratiladi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, xabardor qilish YAIDXP (my.gov.uz) yoki Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Xabardor qilish xizmatidan foydalanish uchun transport egasi YAIDXP yoki mobil ilovada shaxsiy kabinet ochgan holda so‘rovnoma to‘ldiradi va unda boshqarish huquqini berish muddatini ko‘rsatadi.
Boshqarish huquqini olgan shaxs so‘rovnomani tasdiqlash orqali kelgusida unga nisbatan jarima solish to‘g‘risida qaror rasmiylashtirilib borilishiga roziligini elektron raqamli imzo yoki “Mobile-ID” yoxud “Face-ID” orqali tasdiqlaydi.
Xabardor qilish xizmati uchun BHMning 10 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
Mazkur qaror bilan qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi guvohnoma 5-yil muddatga rasmiylashtirilishi belgilandi.
Boshqacha aytganda, endi jarimani avtomobil egasi emas, qoidabuzar haydovchi to‘laydi. Binobarin, jarima ballari olmay desangiz, javobgarlik o‘tkazilgani haqida xabardor qilish kerak bo‘ladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский