O‘zbekiston vakili MDHning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi yig‘ilishida ishtirok etdi

2-aprel kuni MDH Ijroiya qo‘mitasi qarorgohi joylashgan Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. U MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi, Belarus Respublikasi Bosh prokuraturasi Jinoyat-sud nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i Yevgeniya Paramonova rahbarligida o‘tkazildi.

Tadbirda Komissiyaning Armaniston (onlayn), Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston (onlayn) va O‘zbekiston (onlayn) vakillari, shuningdek, MDH mamlakatlarining diplomatik vakolatxonalari hamda MDH Ijroiya qo‘mitasining tegishli tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi nomidan Inson huquqlari bo‘yicha komissiya a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev hamda Ombudsman Apparati xodimlari onlayn tarzda qatnashdi.

MDH Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Igor Petrishenko yig‘ilish ishtirokchilarini qutlar ekan, sog‘liqni saqlash va hamyonbop tibbiyot huquqini ta’minlash masalalari alohida diqqat markazida turganini ta’kidladi. Ma’lumki, 2026-yil Hamdo‘stlik hududida Sog‘liqni saqlash yili, deb e’lon qilingan. Bu qaror MDH davlatlarining sog‘liqni saqlash tizimlarini mustahkamlash va davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishga intilishidan dalolat beradi. Ayni chog‘da, tibbiy yordamdan teng foydalanish imkoniyati va uning sifatini ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.

Komissiyaning oltinchi yig‘ilishi doirasida MDHga a’zo davlatlarning inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan 13 ta masala ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda 2026-yil Hamdo‘stlik hududida Sog‘liqni saqlash yili deb e’lon qilingani sharoitida fuqarolarning sog‘ligini saqlash bilan bog‘liq huquqlarini ta’minlash mavzusi asosiy o‘rinda turdi. Komissiya a’zolari o‘z mamlakatlarining hamyonbop va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha milliy tajribasini aks ettiruvchi taqdimotlarini o‘tkazdi.

O‘zbekiston vakilining nutqida mamlakatda sog‘liqni saqlash sohasida keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi. Xususan, fuqarolarning davlat hisobidan kafolatlangan hajmdagi tibbiy yordam olish huquqi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangani, bemorlar huquqlari batafsil tartibga solingani, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari belgilangani, ayrim kasalliklar va aholi toifalari bo‘yicha maqsadli dasturlar qabul qilingani, shuningdek, reproduktiv salomatlik, transplantatsiya va donorlik kabi sohalarda maxsus huquqiy mexanizmlar rivojlantirilayotgani ta’kidlandi.

Mamlakatda shu maqsadda maxsus jamg‘armalardan 10 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda. Joriy yil 1-maydan boshlab O‘zbekistonda “10 ming qadam piyoda yurish” tajribasi qayta boshlanishi va unga ko‘ra, bir kunda 10 ming qadam yurgan fuqarolarga pul to‘lanishi haqidagi ma’lumot yig‘ilish ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida insonning sog‘lig‘ini saqlash huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi Bayonot qabul qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar 2026-yil 6–10-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga yo‘naltirilgan “MDHda salomatlik va inson huquqlari haftaligi” davlatlararo aksiyasiga tayyorgarlikning borishini ko‘rib chiqdi.

Muhokama etilgan masalalar qatorida “Salomatlik huquqi” ijodiy tanlovini o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom loyihasi, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar nuqtayi nazaridan erta nikoh muammolari (Qirg‘iziston Respublikasi misolida), shuningdek, mahkumlarni o‘z fuqaroligi bo‘lgan davlatlarga topshirish mexanizmi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari (Rossiya Federatsiyasi tashabbusi) ham bor.

Komissiya faoliyatini tashkiliy ta’minlash masalalariga, jumladan, Protsedura qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish, emblemani tasdiqlash, Komissiyaning 2026-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi yillik hisobotini tayyorlash va navbatdagi yig‘ilish sanasini belgilashga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga Komissiyaning Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda Inson huquqlariga rioya etish indeksini tadqiq qilish metodologiyasi loyihasini tayyorlash masalasi ham ko‘tarildi. Xususan, Qirg‘iziston va Belarus tashabbusi bilan insonning ijtimoiy huquqlariga rioya etilishining namunaviy ko‘rsatkichlari dastlabki tajriba-sinov uchun tayyorlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech