Xivada qiynoqqa qarshi kurashish mavzusida o‘quv kursi boshlandi
13-aprel kuni Xorazm viloyatining Xiva shahrida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi boshlandi. Ikki kunlik huquqiy-ma’rifiy tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Bosh prokuratura, Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ochar ekan, mamlakatimizda qiynoqlarga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning xalqaro standartlar bilan uyg‘unligi haqida atroflicha to‘xtaldi. Akmal Saidov qayd etganidek, har bir shaxsning huquq va erkinliklari Konstitutsiyada mustahkamlangan bo‘lib, ularni hayotga tatbiq etish barcha davlat organlari uchun ustuvor vazifadir.
Inson huquqlari sohasidagi mazkur mashg‘ulotlar O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hamda 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida o‘tkazilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berildi. Xususan, Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi ijrosini ta’minlash, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali hamda o‘z vaqtida amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston BMTning Qiynoqqa qarshi konvensiyasiga qo‘shilgan va uning talablarini bajarish yuzasidan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, ichki ishlar, prokuratura va sud organlarida xodimlar uchun muntazam o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.
Bu galgi o‘quv kursida ham viloyat sudi, prokuraturasi, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan mas’ul xodimlar tinglovchi sifatida ishtirok etmoqda.
Mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, tinglovchilarning qiynoqqa solishga qarshi kurashish sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский