Inson huquqlari ta’limi va qiynoqqa qarshi kurashish bo‘yicha mashg‘ulotlar

16-17-aprel kunlari Buxoro viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi. Ikki kunlik tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Bosh prokuratura, Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamkorligida tashkil etildi.

Inson huquqlari sohasidagi mashg‘ulotlar O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hamda 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.

O‘quv kursida viloyat sudi, prokuraturasi, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan jami 73 nafar xodim tinglovchi sifatida ishtirok etdi. Tadbirda asosiy e’tibor BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, tinglovchilarning qiynoqqa solishga qarshi kurashish sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi.

Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ochar ekan, mamlakatimizda qiynoqlarga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning xalqaro standartlar bilan uyg‘unligi haqida atroflicha to‘xtaldi. Akmal Saidov qayd etganidek, har bir shaxsning huquq va erkinliklari Konstitutsiyada mustahkamlangan bo‘lib, ularni hayotga tatbiq etish barcha davlat organlari uchun ustuvor vazifadir.

O‘zbekiston BMTning Qiynoqqa qarshi konvensiyasiga qo‘shilgani va uning talablarini bajarish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar ko‘rayotgani alohida qayd etildi. Shu bilan birga, ichki ishlar, prokuratura va sud organlarida xodimlar uchun muntazam o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilayotgani, jazoni ijro etish muassasalarida jamoatchilik va Ombudsman monitoringlari kengaytirilgani ta’kidlandi.

Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi orqali huquqiy madaniyatni yuksaltirish, davlat idoralarida ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, qiynoq holatlarini mutlaqo istisno qilish kabi vazifalar Milliy strategiyaning asosiy yo‘nalishlari ekaniga urg‘u berildi. Akmal Saidov ta’biri bilan aytganda, “Qiynoqqa qarshi kurash – bu faqat yuridik yoki huquqiy vazifa emas. Bu – insonning qadr-qimmatini hurmat qilish, uning shaxsiy daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan ma’naviy va axloqiy majburiyatdir. Har bir xodim fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda shaxsan mas’ul hisoblanadi”.

O‘quv kursining birinchi kunida ishtirokchilar qator ma’ruzalarni tingladi. Xususan, qamoqxona islohoti va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro maslahatchi, MDHning hududiy (IPPF) Xalqaro penitensiar jamg‘armasi vakili Azamat Shambilov “Yangilangan Nelson Mandela qoidalari” mavzusidagi ma’ruzasini taqdim etdi.

Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati haqida atroflicha to‘xtaldi. Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kafedra boshlig‘i Luqmonjon Isoqov qiynoq bilan bog‘liq qilmishlarning oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi haqida ma’ruza qildi. Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Kiberhuquq kafedrasi professori Alimjan Matchanov qiynoqqa solishga qarshi kurashishda voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar mavzularida so‘z yuritdi.

Kursning ikkinchi kuni qizg‘in ma’ruzalar bilan davom etdi. Dastlab Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi dotsenti Quvonch Qodirov “Nelson Mandela qoidalari”ning mazmun-mohiyati haqida ma’ruza qildi. O‘z navbatida, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti kafedra boshlig‘i, professor Mehmonali Suvonqulov ushlab turish va qamoqqa olish jarayonlariga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari hamda qiynoq jinoyati uchun javobgarlik masalalari yuzasidan chiqish qildi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Kiberhuquq kafedrasi professori Alimjan Matchanov qiynoqqa solishga qarshi kurashishda kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, qiynoq to‘g‘risida xabar berishga oid xalqaro standartlar va milliy jinoiy-huquqiy tizimda mazkur standartlarning qo‘llanilishi xususida ma’ruza qildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Sardorbek Toganov qiynoqqa oid ishlar yuzasidan sud amaliyoti to‘g‘risida fikr bildirdi.

Kurs davomida nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirildi. O‘quv kursi yakunida tinglovchilar bilimlarini baholash maqsadida test sinovidan o‘tdilar. Imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech