Qarshi shahrida zamonaviy Suv sporti saroyi foydalanishga topshirildi

28-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Qarshi shahrida ilg‘or jahon andozalari asosida qurilgan, xalqaro darajadagi musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish imkonini beruvchi muhtasham Suv sporti saroyining tantanali ochilish marosimi  bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya Milliy agentligi hamda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, World aquatics byurosi a’zosi Shahnoza Mirziyoyeva, Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov, Kasaba uyushmalari hamda Uzbekistan aquatics federatsiyalari raisi Qudratilla Rafiqov, Sport vaziri Adham Ikramov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, qator xorijiy davlatlar kasaba uyushmalari delegatsiyalari, suzish bo‘yicha ikki karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori bo‘lgan sportchi, "Suv parisi – 2026" xalqaro turniri ishtirokchilari, deputatlar va el ardog‘ida bo‘lgan faxriylar, yozuvchi hamda shoirlar, sportchilar va ularning murabbiylari ishtirok etdi.

Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sport tizimida ham o‘zining amaliy ifodasini topayotganini e’tirof etdilar. Ayniqsa, aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish, yoshlarni sportga jalb etish hamda xalqaro maydonlarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qiladigan sportchilarni tarbiyalash borasida salmoqli ishlar qilinayotgani ta’kidlandi.

Jumladan, Qudratilla Rafiqov bundan ikki yil muqaddam O‘zbekiston Prezidenti poytaxtdagi suv sporti saroyi bilan tanishish asnosida bunday zamonaviy inshootlar nafaqat Toshkent shahrida, balki barcha hududlarda, xususan, Qashqadaryoda ham bo‘lishi zarurligini ta’kidlaganini qayd etdi. Binobarin, Qarshi shahrida ushbu inshootning barpo etilishi inson qadrini ulug‘lash, aholi manfaatlarini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining yana bir amaliy ifodasidir.

O‘z navbatida, Akmal Saidov Qarshi shahrida bunyod etilgan Suv sporti saroyining tantanali ochilishi bilan bog‘liq muhim voqealar atoqli shoir Abdulla Oripovning “Suv parisi” degan she’rini yodga solishiga e’tiborni qaratdi. She’rda shunday misralar bor:

U sehrli suv qizi! Oy nurida oppoq qor,

Tirildimi qarshimda afsonalar yo qator.

Ya’ni, 1960-yilda bitilgan ushbu she’rdagi afsonalar oradan 66-yil o‘tib ro‘yobga chiqmoqda. Azal-azaldan ekinni sug‘orish u yoqda tursin, hatto ichimlik uchun suv topish muammoli hisoblanadigan Qarshi cho‘li bag‘rida shu yurt farzandlari aynan suv sporti bilan shug‘ullanishlari uchun zamonaviy saroy qad rostlagani – bu, aslida ham, mo‘jizadir.

Davlatimiz rahbarining shaxsan tashabbusi tufayli aynan Abdulla Oripovdek daho shoirni kamolga yetkazgan o‘lka markazida endi ulug‘ ijodkor tasavvuridagi xayoliy obrazlar emas, balki haqiqiy “suv parilari” yetishib chiqishi uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilmoqda. Mana shu muhtasham Suv sporti saroyida shug‘ullanadigan Qashqadaryo yoshlari tez orada nafaqat o‘z viloyati, balki butun O‘zbekiston nomi dunyo sahnida qayta-qayta sharaflanishiga munosib hissa qo‘shishlari tayin.

Shuningdek, ochilish marosimi davomida joriy yilning 25-27-aprel kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan sinxron suzish bo‘yicha "Suv parisi – 2026" ochiq xalqaro turnirining g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. Bundan tashqari mezbon O‘zbekiston, xorijiy Qozog‘iston, Rossiya va Belarus kabi davlatlardan kelgan suv parilari ishtirokidagi chiqishlar hamda kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Ma’lumot uchun: Qarshi shahridagi mazkur Suv sporti saroyi 2 gektar maydonda qad rostlagan bo‘lib, barcha turdagi suv sporti musobaqalarini o‘tkazish imkoniyatiga ega. Majmua tarkibida 50×21 metr o‘lchamli suzish havzasi, 16×16 metr o‘lchamli va 10 metr balandlikdan suvga sakrash uchun mo‘ljallangan havza, quruq basseyn, shuningdek, 6×12 metr o‘lchamli ikkita bolalar hovuzi mavjud.

Balandlikdan sakrash havzasida 1, 3, 5, 7,5 va 10 metrli besh bosqichli minora hamda 7 ta zamonaviy tramplin o‘rnatilgan. Bundan tashqari, inshootda yopiq suzish havzasi, ma’muriy xonalar, media zona, fitnes va yig‘ilish zallari, 700 o‘rinli tomoshabinlar tribunasi, keng xoll, dush va kiyim almashtirish xonalari, dam olish hududlari tashkil etilgan.

Majmuaning muhandislik tizimlari ham zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan. Xususan, suvni tozalash filtrlari, nasos agregatlari, isitish aylanmalari va ventilyatsiya uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, ventilyatsiya tizimi soatiga 90 ming metr kub toza havo yetkazib berish quvvatiga ega.

E’tiborlisi, barcha jihoz va uskunalar Xitoy, Italiya, Ispaniya, Germaniya va AQSHning yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, energiya samaradorligi va yuqori sifat ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech